Namanganda sud raisi va doktorant ushlandi

    Tezkor tadbirda JIB Mingbuloq tuman sudi raisi soʻralgan pulning 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

    Namangan tumanida chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatga zamonaviy chorva kompleksi binosini qurish va mavjudlarini taʼmirlash maqsadida, aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”ning viloyat filiali tomonidan ajratilgan 5 mlrd. 287 mln 500 ming soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirish va rasmiy hujjatlarni kalbakilashtirish holatlari boʻyicha Jinoyat Kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini sud muhokamasida koʻrib chiqish jarayonida Mingbuloq tuman sudi raisi sudlanuvchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlash evaziga, uning otasidan 20 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ishlari boʻyicha Mingbuloq tuman sudi raisi soʻralgan pul mablagʻidan 2 ming AQSH dollarini oʻzining boshqaruvida boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashinada olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Taʼkidlash lozimki, kredit boʻyicha yetkazilgan zarar tergov davomida sudlanuvchi tomonidan toʻliq qoplangan boʻlgan. Hozirda Mingbuloq tuman sudi raisi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, juda koʻp miqdorda pora olganligi holati boʻyicha, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Boshqa holatda esa Namangan davlat universitetining 3-bosqich doktoranti tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan Chust tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga mazkur tuman markazida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktabi balansidagi qoʻshimcha 2 qavatli binoni hokimiyat tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Chust shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.