Namangan shahar hokimligi oldidagi “Tinchlik” stellasi maydonida tantanali ochilish marosimidan soʻng hududga tutash Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida gullar bayramiga start berildi.

Dastlab gullar bilan bezatilgan 200 ga yaqin avtomashinalar paradi uyushtirildi.

Bogʻ betakror gul kompozitsiyalari bilan toʻlgan. 9 kun davomida turli shoular, konsertlar, eng muhimi, ajoyib gullar kolleksiyalari bahoriy baland kayfiyat va koʻtarinki ruh ulashadi. Ommaviy bayramga 500 ming nafardan ortiq mehmon kelishi kutilyapti.

Festival 2018-yilda xalqaro maqom olgan boʻlib, har yili unga viloyatda katta taraddud koʻriladi. Bu galgisiga ham tayyorgarlik doirasida minglab gulchilar, yuzlab meʼmor va landshaft-dizaynerlari badiiy kompozitsiyalar yaratish ustida astoydil mehnat qilishdi. Yuzdan ortiq gulchilar tomonidan 10 millionga yaqin gullar ekildi. Shu yildan eʼtiboran mahalliy (har bir tuman boʻyicha) hamda xorijiy gulchilar uchun alohida pavilyonlar tashkil etildi.

Viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinovning taʼkidlashicha, xorijda ham mazkur festivalga qiziqish tobora ortyapti. Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Eron, Turkiya kabi dunyoning 20 dan ziyod chet mamlakatidan mingga yaqin sayyohlar, diplomatik korpus vakillari, investorlar va turistlar qatnashishi kutilyapti. Ularning aksariyati Namangan shahriga yetib keldi. Qirgʻizistonlik bir turoperatorning oʻzi 200 nafar mehmon bilan kelish istagini bildirgan. Festival davomida “Gulchilik va gulchilik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya, xorij va mahalliy gulchilar ishtirokida mahorat darslari, sayllar, sanʼat ustalari tomonidan zamonaviy va qiziqarli tarzda sahnalashtirilgan dasturlar namoyishi belgilangan.

— Bayram kunlari oʻnga yaqin chet el teleradiokompaniyalari va axborot agentliklaridan 30 ga yaqin xorijiy OAV vakillari shukuhli jarayonlarni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatishni rejalashtirgan. Bu esa festivalning dunyo boʻyicha nufuzini, hayratini oshirmoqda, — deydi Namangan shahri hokimi Gʻofirjon Jamolov. — Gul bayramining asosiy tadbirlari kechadigan 16 gektarlik Bobur bogʻi Wi-Fi hududga ham aylantirildi. Oʻylaymizki, gul shaydolari va shaharga kelgan mehmonlar uchun yaratilgan mazkur qulaylikdan barcha mamnun. Ayni paytda bogʻ hududida yuqori tezlikda internetdan bemalol va oson foydalana olishadi. Namangan shahrida bunday yirik hududlar soni 57 taga yetdi...

Nafosat va goʻzallik ayyomi 31-may oqshomida Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” tematik bogʻida yopilish marosimi, gʻolib va sovrindor gulchilar hamda korxona-tashkilotlarni qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, “Neksiya 3” avtomobillari bilan taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi. Bir soʻz bilan aytganda afsonaviy xalqaro “Gullar festivali” butun Oʻzbekistonni, jumladan, Namanganni dunyoga tanitish barobarida sayyohlar oqimini koʻpaytirish, turizmni rivojlantirish, mavjud hamkorlik doiralarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Orifjon JOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.