Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq bilan hamnafas, xalq dardi bilan qayg'urib yashaydi, amaldagi islohotlari ham shunga hamohang. Qaerga bormasin oddiy odamlar bilan uchrashishga, ularni qiynayotgan muammolarga echim topishga harakat qiladi. Namanganning “Bunyodkor” mahallasi odamlari shu yilning 19 fevral sanasini hech unutmaydi. Shu kuni davlatimiz rahbari kutilmaganda “Bunyodkor” mahallasiga bordi. Bu erdagi muammolarni o'z ko'zi bilan ko'rib, xalqning dardu tashvishlarini yuzma-yuz turib eshitdi. 

“Bunyodkor” mahallasi uzoq yillar e'tibordan chetda qolib, yarim asrki nomiga nomunosib bo'lib kelgan. E'tiborsiz o'tgan yillar mobaynida necha muammolar bir-biriga ulandi. Ichimlik suv, yo'l, elektr energiyasi, gaz va ishsizlik, ko'chalar loy, sharoit og'ir... Muammolarni sanasang sanog'i ko'p bo'ldi. Odamlarning kayfiyati tushkun, hayotga bo'lgan ishtiyoqi so'nib borayotgan bir kunda Prezidentimizning tashrifi qora bulutdan so'ng charaqlab chiqqan quyosh kabi qalblarni yoritib yubordi, uzoq kutilgan orzular ushalishi mujdasi, obodlik ishorasi edi bu.

Bugun bunyodkorliklarning armonlari aridi. Prezidentimizning mahallani obod qilish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish borasida bergan topshiriqlari asosida mahalla o'z nomiga munosib bo'lib, viloyatning eng fayzli maskaniga aylanmoqda.

"Bunyodkor" mahallasida salkam 13 mingga yaqin fuqaro yashaydi. Bu erda eng og'riqli muammo ichimlik suv edi. Bugun odamlar shu tarixiy muammo hal bo'lganidan xursand, ishongisi kelmaydi. Og'ir kunlar ortda qolgani chin bo'lsin, deya shukrona aytmoqda.

Ayni paytda mahalladagi 9 ta ko'chaga ichimlik suvi tortish ishlari olib borilyapti. Bu mahalla odamlarining toza ichimlik suvga bo'lgan ehtiyojini qondiradi.

– Mahallamizdagi o'zgarishlar, avvalo, Prezidentimiz tashrifidan so'ng odamlarning ko'tarinki kayfiyatidan boshlandi. Ularning ertangi kunga ishonchi ortdi. Ko'chalarga fayz kirdi. Obodonlashtirish ishlariga mahalladoshlarimiz ham astoydil bel bog'lashgan. Daraxtlar oqlanib, hovlilar devorlari ta'mirlandi, ko'chalar asfal`t bo'lyapti. eng quvontiradigani – ichimlik suv keldi, – deydi 68 yoshli mahalla faoli Yoqubjon Ahmadaliev.

Mahallada elektr energiyasi ta'minotida ham uzoq yillardan buyon kamchiliklar kuzatilgan. Xizmatini o'tab bo'lgan simyog'ochlar, eskirgan transformatorlar, elektrning tez-tez o'chaverishi odamlarning ishonchini so'ndirgandi. endi bu muammolar ham bartaraf etildi.

Boshlangan xayrli ishlar doirasida 572 ta beton tayanch qo'yildi, yog'och ustunlar betoniga almashtirildi, 4 ta yangi transformator o'rnatildi. Ishga yaroqli, deb topilgan 19 tasi ta'mirlanmoqda. Xullas, mahalla tunlari charog'on bo'ldi, chiroq o'chmay qoldi.

Mahallada qariyb 1 gektar maydondagi kichik sanoat zonasida qurilish ishlari ham avj oldi. SHu hududda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 25 milliard so'mlik 5 loyihaning asosiy ta'sischilari esa yoshlar. Bu loyihalar ishga tushib ketsa 500 ta yangi ish o'rni yaratilar ekan. Mahalla yoshlari, ayollar, qizlar uyidan bir qadam naridan ish topsa yaxshi-da.

Bunyodkorda bahor o'zgacha fayzli boshlandi. Mutasaddi rahbarlar 10 gektarli hududda yana bitta kichik sanoat zonasini bunyod etishga ahd qildi. Uni “Yoshlik” kichik sanoat zonasi, deya nomlashdi. Shu kunlarda qurilish ishlari avjida. Bu erda tez fursatlarda ishga tushadigan 37 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi. Pirovardida, qo'shimcha 2500 yangi ish o'rni paydo bo'ladi. Bu mahallaning er yigitlari endi oilasi bag'ridan uzoqda, musofirlik nonini eb oila boqmaydi, degani.

Sog'liq – bebaho. Kishi sog' bo'lsagina, tanasida og'riq sezmagandagina to'y-tomosha, obodlik ishlari shukuhi tatiydi, shundagina katta bunyodkorliklarga belbog'laydi, mehnat qiladi, pul topadi.

"Bunyodkor" mahallasini obodonlashtirish ishlarida ana shu jihat ham e'tibordan chetda qolmadi. Tibbiyot xodimlari aholi sog'lig'ini tekshirib uyma-uy yurdi. Mahalla odamlari “hali bunaqa e'tiborni ko'rmaganmiz”, deya o'zini davlatga kerakdek his qila boshladi.

Qarangki, odamlarning hammasi ham sog'lom emas ekan. Lekin e'tiborsizlik sabab shifokorga borilmagan. Shifokorlar tibbiy yordamga muhtoj ayollar va bolalarga, keksayu yoshga dori-darmon berdi, qaerga borib kimga uchrashishni, qaysi shifoxonada yotib davolanishni aytadi, zarur hollarda yo'llanmalar taqdim etildi. Nogiron bemorlar esa mobil brigada tomonidan ko'rikdan o'tkazildi.

“Mahallabay” ishlash tizimi “Bunyodkor” aholisi hayotiga ham yangicha mazmun olib kirdi. Imkoniyatdan foydalangan Shahnoza Kenjaeva 4 million so'm kredit olib 2 sotix joyga issiqxona qurdi. Birinchi ekin – ko'katlarni 2,5 million so'mga sotdi. Bugun issiqxonada ikkinchi ekin – pomidor va bodring parvarishlanmoqda.

Boburmirzo Teshaboyev esa 30 million so'm kredit olib sutni qayta ishlash tsexini qurdi. Bir oyda o'rtacha 5 million so'm sof foyda olishni rejalashtiryapti. Mana shunday ehtiyojmand fuqarolarga aniq hisob-kitoblar asosida qoramol, qo'y, tovuq tarqatildi, issiqxona qurishda ko'mak berildi.

“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo'yicha ham ishlar samarali tashkil etilmoqda. Bugun bu daftarlardagi xotin-qizlar va yoshlarning ko'pi ishli bo'ldi, kimdir tadbirkorlik, kimdir dehqonchilik, yana kimdir hunarmandchilik bilan shug'ullanishni boshladi. Natijada odamlar turmushida ijobiy o'zgarishlar kuzatilib, ularning hayotga bo'lgan mehri oshdi.

“Bunyodkor” mahallasi bugun ana shunday fayzli maskanga aylangan.

Ulug'bek RO'ZIMATOV,

jurnalist