Binobarin, Prezidentimiz tabrigida alohida taʼkidlanganidek, “Qalbi pok, orzu-umidlar bilan toʻlgan Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini koʻramiz...”.
Respublikamizdagi 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar qatorida Namangan viloyatidagi 711 ta ilm maskanlarida ham shunday ahd bilan ertangi kunimiz egalarining zamonaviy bilimlarni mukammal oʻqib-oʻrganishlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. 20 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida qator davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktablari faoliyat yuritmoqda.
Ularda yoshlarga umumʼtaʼlim fanlarini puxta oʻrgatish barobarida har jihatdan yetuk, jismonan barkamol, yuksak maʼnaviyatli va keng tafakkur egalari etib tarbiyalash maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari, musiqa va sanʼat yoʻnalishidagi festival va bahslar, Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan 5 muhim tashabbus ijrosi soʻzsiz taʼminlanmoqda.
Yoshlarga taraqqiyot asri talablariga xos va mos tarzda zamonaviy bilimlarni oʻrgatish bilan birga ularni kasb-korga yoʻnaltirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish doimiy eʼtiborda. Bu borada ustoz-shogird anʼanalari muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Yigit-qizlarimizning intilishlarida ham ular “Nimaiki qilsang tilak, bariga oʻqish kerak!” degan oʻgitni qalban chuqur anglab yetganliklarini koʻrish mumkin.
Yakuniga yetayotgan oʻquv yilida viloyatimizdagi umumtaʼlim muassasalarini 36 ming 564 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. 409 nafar bitiruvchiimiz muvaffaqiyat marralarini zabt etib, muddatidan avval nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari talabaligiga qabul qilindi. Bu borada Yangiqoʻrgʻon, Mingbuloq tumanlari hamda Namangan shahri bitiruvchilari yetakchilik qildi.
Oʻquvchi-yoshlarning xalqaro fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, musiqa va sanʼat boʻyicha festival va tanlovlardagi koʻplab yutuqlari haqida ham shunday dalillarni keltirish mumkin. Bu esa yurtimizda yangi Oʻzbekiston istiqbolini yoshlar kamolida deb bilib, ularga beqiyos gʻamxoʻrliklar koʻrsatilayotgani, barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganidan dalolat.
Xususan, Yurtboshimiz tabrikda bitiruvchi yoshlarga qarata: “Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir”, deb taʼkidlab oʻtdilar. Buning yaqqol isboti sifatida taʼlim va istiqbol yoʻlidagi islohot va yangilanishlar, bunyodkorlik odimlari izchil va keng qamrovli olib borilmoqda.
Birgina viloyatimiz misolida fikr yuritsak, 2021-yilning oʻzida investitsiya dasturi boʻyicha viloyatda 6 ta yangi maktab qurilishi amalga oshirilmoqda. 13 ta maktabda rekonstruksiya hamda 6 ta ilm maskanida mukammal taʼmirlash ishlari bajarilayotgan boʻlsa, Prezidentimizning Namanganga tashrifi chogʻida belgilangan ustuvor vazifalar asosida 3 ta yangi maktab bunyod etilmoqda. 7 ta rekonstruksiya, 2 ta mukammal taʼmirlash, qolaversa, “Obod mahalla” Dasturi doirasida 5 ta, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha 20 ta maktabda qurilish-taʼmirlash jarayonlari jadal ketmoqda. Mazkur bunyodkorliklar uchun jami 306.4 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Ozod diyor Oʻzbekistonning, elu yurtning ertangi kunga, oʻz farzandlariga yoʻnaltirayotgan gʻamxoʻrligi ifodasini yuqoridagi raqamlardan ham bilsa boʻladi. Demak, ishonchimiz komilki, Prezidentimiz tabrigidan ruhlanib bitiruvchi-yoshlarimiz marrani yana-da baland oladilar, istiqbol sari shahdu shijoat bilan dadil odimlaydilar. Yangi Oʻzbekistonimizning yangi bitiruvchilariga oq yoʻl tilaymiz.
Rustamjon ISROILOV,
viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi.