Biror kasbni puxta egallab, oʻsha sohada mehnat qilayotgan bir inson oʻzi, oilasi, qoʻyingki, atrofidagi bir nechta kishini boqadi. Bitta tadbirkor esa oʻnlab, yuzlab odamlarning oilasiga daromad kirgizib, har kuni “qora qozoni” qaynashiga hissa qoʻshadi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ishbilarmonlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi har bir fuqaroga zarur imtiyozlar, amaliy yordamlar koʻrsatilayotgani boisi ham shundan. Bu imkoniyatlardan koʻplab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar samarali foydalanayotgani quvonarli hol.
Tadbirkorlik faoliyatini talabalik davridayoq boshlab, 20 yoshida “Imron textile group” korxonasiga asos solgan namanganlik Islombek Qutfitdinov ana shunday tinib-tinchimas, shijoatli yoshlardan. Gʻayrati, ishbilarmonligi, qolaversa, saxovati bilan hudud ahli tiliga tushgan qahramonimiz 2011-yildan buyon trikotaj kiyimlar ishlab chiqariladigan katta korxonani boshqarib keladi.
Islombek bolalagidan tadbirkorlik, iqtisodiy sohalarga qiziqqani bois, maktabda ham aniq fanlar, ayniqsa, algebra, geometriyadan aʼlo baholarga oʻqigan. Keyinchalik oliy taʼlimni Namangan muhandislik iqtisodiyot institutida davom ettirdi. 4-bosqichda oʻqib yurgan kezlari uyiga yaqin joydagi boʻsh turgan yerda kichik ishxona tashkil etib, 5 ta tikuv mashinasi sotib oldi. Qahramonimizning tadbirkorlikka qiziqishi qanchalik yuqori boʻlmasin, katta ishga qoʻl urishdan oldin oʻzini kichikroq gʻoyani amalga oshirishdan sinab koʻrish istagida edi. Jarayonga hududdagi 10 nafar ayolni jalb qilib, ularni ish bilan taʼminladi.
Oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan kichik jamoa boshlanishiga oʻgʻil bolalar futbolkalarini tikishni yoʻlga qoʻydi. Farzandining ilk qadamlarida unga tirgak boʻlishni istagan Islombekning otasi Ilhom aka Qutfitdinov korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga Rossiyada xaridor topishga koʻmaklashgani besamar ketmadi. Sifatli va bejirim futbolkalar xorijlik tadbirkorlarga maʼqul kelib, oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Yosh tadbirkor oʻsha yilning oʻzidayoq Rossiyaga 38 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilishga erishdi. Mehnatining mahsulini koʻrib, bu ishni uddalab keta olishiga ishongan qahramonimiz yana-da kattaroq gʻoya va niyatlar bilan 2011-yilda “Imron textile group” MCHJga asos soldi.
Mehnat qilgan, oldiga aniq maqsad qoʻygan inson asta-sekin yuksalib boraveradi. Ishlashdan, izlanishdan sira qochmaydigan, doim yangilikka intiladigan Islombek kabi yoshlar buning yaqqol misolidir. Bugungi kunda qahramonimiz boshqarayotgan korxona hududi 1,5 gektarga kengaygan. Eng zamonaviy 150 ta tikuv mashinalari oʻrnatilgan. Ularda barcha turdagi trikotaj mahsulotlari tikilib, yiliga 1 million donadan ortiq tayyor kiyim-kechak ishlab chiqariladi. Asosiysi, korxona rahbari oʻzi maqsad qilganidek, bu yerda yil sayin yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Ayni paytda oz emas, koʻp emas, 200 nafar ayolning bandligi taʼminlangan.
Tayyor mahsulotlarining 95 foizi eksportga yoʻnaltiriladi. Oʻrtacha yillik eksport hajmi 1 million 200 ming AQSH dollari boʻlib, hozirda asosiy xaridorlar Rossiya, Ozarbayjon, Ukraina, Qozogʻiston davlatlari boʻlib turibdi. Rossiyada korxonaning savdo uyi ham tashkil etilib, xaridorlar uchun 100 foiz mahalliy xomashyodan tikilgan oʻzbek brendi ostidagi kiyim-kechaklarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish imkoniyati yaratilgan. Qahramonimiz kelgusida eksport geografiyasini kengaytirib, Yevropa bozorlariga ham chiqishni niyat qilgan. Buning uchun sexda ish jarayoni xalqaro standartlarga moslashtirilib, xorijlik talabgorlar bilan muzokaralar olib borilyapti.
Aniq maqsad — istiqbolli biznes garovi
Biror ishni yoʻlga qoʻyib olish qanchalik qiyin jarayon boʻlsa, uni davom ettirish, rivojlantirish yana-da murakkab. Bolaligidan tadbirkorlik faoliyatiga ishtiyoqi baland boʻlgan Islombek bu sohada mablagʻ kiritmasdan turib, daromad olish mushkulligini yaxshi biladi. Shu bois, doim faoliyatini yana-da rivojlantirish, yangi marralarni zabt etishga intiladi. Ana shu maqsadda “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida jami 3 milliard soʻm imtiyozli kredit olib, ishini kengaytirishga sarfladi. Bugun u yiliga 2 milliard soʻmdan ortiq daromad olyapti.
— Yutuqlarimning asosiy omili mamlakatimizda tadbirkorlarga, xususan, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, deb bilaman, — deydi u. — Bu, ayniqsa, soʻnggi yillarda davlat siyosatining ajralmas qismiga aylandi. Oʻtgan yili dekabr oyida yurtimizda ilk bor oʻtkazilgan Oʻzbekiston yoshlari forumidagi Prezidentimizning nutqini bevosita tinglash chogʻida ularning biz yigit-qizlarga bildirgan ishonchi, qoʻllab-quvvatlovi meni nihoyatda ruhlantirdi. Hayotimda unutilmas voqeaga aylangan mazkur anjumanda yurtboshimiz navqiron avlod vakillarida, ayniqsa, biznes koʻnikmalarni rivojlantirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratdi. Kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratish, ularni 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan birilishi boʻyicha zarur choralar koʻrilishini bildirdi. Bu imkoniyatlar men kabi koʻplab yoshlar uchun katta ragʻbat, chin maʼnoda gʻamxoʻrlik belgisi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Islombek bugungi kunda nafaqat tadbirkor, balki “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi Namangan viloyat boʻlimi rahbari sifatida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻzi kabi ishbilarmonlik sohasiga qiziquvchi, kichik biznesini boshlamoqchi boʻlgan tengqurlari, uka-singillariga maqsadli va imtiyozli kreditlar ajratib, loyihalarini tayyorlash, rivojlantirish hamda amalga oshirish, tajribalarini orttirishlarida koʻmak berib, ularni qoʻllab-quvvatlashga bor kuch-gʻayratini safarbar etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Jamgʻarma tomonidan birgina Namangan viloyatida 2018-2020-yillarda jami 525 ta yoshga oʻz loyihalarini amalga oshirishlari uchun 152 milliard 731 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi. Tashkilotga oʻz gʻoyasi bilan kelgan yoshlarning maqsadlarini mukammallashtirib, biznes reja tarzida qogʻozga tushirish va bankdan imtiyozli kredit olishlarida amaliy yordamlar koʻrsatilyapti. Joriy yildan Islombek boshchiligida tadbirkor boʻlish istagidagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni kichik va oʻrta biznes yoʻnalishi boʻyicha 48 soatlik kurslarda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
— Avvallari oʻz loyihasi haqida yetarlicha tushunchaga ega boʻlmagan, tadbirkorlik koʻnikmasi shakllanmagan koʻplab yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilgani bois, ularning ayrimlari pullarni maqsadsiz sarflab yubordi yoki loyihalarni boshqara olmasdan, bankrotlik holatiga kelib qoldi, — deydi Islombek Qutfitdinov. — Natijada ularda tadbirkorlikka boʻlgan notoʻgʻri munosabat, tasavvur shakllanib, hafsalisi pir boʻlgan holatlarga ham duch keldik. Vaholanki, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar, avvalo, maqsadni toʻgʻri qoʻyib, nimaga qiziqishini aniqlab olishi kerak. Buning uchun oʻz qiziqishlarini qogʻozga yozib, ulardan eng maqulini tanlagan holda, shu ishni boshlashga ishonch hosil qilishi lozim. Baʼzan tashkilotimizga oʻz loyihasini tushunib-tushunmasdan, qancha mablagʻ zarurligini bilmasdan kredit soʻrab keladigan yoshlar ham bor. Bunday ikkilanish biznesni notoʻgʻri yoʻlga qoʻyishga olib keladi. Shu bois, biz yigit-qizlarni avval bepul kurslarimizda oʻqitib, soʻng ularga imtiyozli kredit ajratish tizimini yoʻlga qoʻydik.
Istiqlol tengdoshi boʻlgan Islombekning tashabbuskorligi, gʻayrat-shijoati tengdoshlarida havas uygʻotsa, uning xayrli ishlari mahalladoshlarining koʻnglini togʻdek koʻtaradi. Qahramonimiz “hamyonim toʻlsa boʻldi”, deydigan tadbirkorlardan emas. Pandemiya sabab joriy etilgan karantinning ilk kunlarida kam taʼminlangan, moliyaviy qiynalgan odamlarga birinchilardan boʻlib koʻmak berishga, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olib, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida faol qatnashishga oshiqdi. Ogʻir damlarda viloyatdoshlarining yonida turib, 50 ta xonadonni otaliqqa oldi. “Biz beparvo emasmiz, biz mehr ulashamiz!”, deya kunlarni tunga uladi. Uning bu saʼy-harakatlari koʻplab yoshlarga namuna boʻlib, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining imtiyozli kreditidan foydalanib, ishlab chiqarish faoliyatini namunali yoʻlga qoʻygan boshqa yigit-qizlar ham tashabbus bilan chiqishdi. “Bizdan nima yordam, qanday xizmat bor? Mablagʻimiz va oziq-ovqat mahsulotlarimiz bilan koʻmak berishga hozirmiz”, deya uning yoniga kirishdi. Ana shunday yurtparvar yoshlarimizning faolligi, fidoyiligi bilan xalqimiz qiyinchiliklarni hamjihatlikda, oʻzaro ahillikda yengib oʻtyapti.
Tadbirkorlikka mehr berib, shu yoʻnalishda muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan Islombek Qutfitdinov 2017-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Oʻsha lahzalarda qalbida soʻz bilan tasvirlab boʻlmas hayajonni tuygan qahramonimiz bu haqida hamon toʻlqinlanib gapiradi: “Medal koʻksimga taqilganida 26 yoshda edim. Bu yoshdagi yigit uchun ushbu mukofot katta yutuq edi. Kutilmaganda kelgan bu eʼtirof va ishonchni har lahzada oqlashga harakat qilyapman. Chunki bu mukofot mening qilayotgan ishlarimga emas, balki kelgusida amalga oshiradigan ishlarim uchun ragʻbat, deb bilaman”.
Tinib-tinchimas qahramonimiz boʻsh vaqtlarida kitob mutolaa qilishni xush koʻradi. Katta maqsadlarga erishish uchun albatta, kitob oʻqish kerak, deb hisoblaydi. Haqiqatan, uning maqsadlari ulkan, niyatlari katta. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirib, bu yil korxona bazasini yana-da mustahkamlagan holda, 2022-yilda bosqichma-bosqich klaster tizimini joriy etishni koʻzlagan. Bu esa xomashyodan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonning barini korxonaning oʻzida amalga oshirish asnosida mahsulot sifatini nazorat qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri