Shu paytga qadar 1053 ta savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalariga shunday stikerlar berildi.

Bu xaridorga nima beradi? Avvalo onlayn NKM chekining nimasi bilan farqli ekanini bilib olishimiz kerak. Onlayn-NKM yoki virtual kassa xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlganda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;

Maʼlumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda maʼlumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart. Toʻlov terminali orqali qabul qilingan toʻlovlar uchun xaridorlarga toʻlov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart.

Aynan QR kodlar mazkur xarid chekining oʻziga xosligi hisoblanadi. QR-kod ishining asosiy tamoyili uning giperhavola tarzida ishlay olishidir. Bu koʻp maʼlumot haqida xabar berish zarur boʻlgan holatlarda yoki uni soddalashtirish kerak boʻlganda juda qulay. QR-kod suratlar mahsulot yoki xizmatni tanlash jarayonini osonlashtirishga qodir, chunki oʻram yoki reklama plakatidagi kichik kvadratchada 4296 tagacha ramzlar joylashtirilgan boʻlishi mumkin. Ular matn tarzida joylashtirish noqulay va qimmat boʻlgan maʼlumotlarni sigʻdira oladi.

Butun dunyoda elektron toʻlovlarni amalga oshirishda QR-kodlardan faol ravishda foydalaniladi. Amaliyotda u quyidagicha koʻrinishda:

- xaridor oʻz bank toʻlov kartasini smartfondagi ilovaga bogʻlaydi;

- savdo tarmoqlarida xarid qilishda yoki xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirishda u bank kartasidan foydalanmasdan mazkur ilova yordamida hisob-kitob qiladi.

Shu sababli mazkur turdagi nazorat kassa mashinalari va virtual kassalar qulay, shaffof, xaridor uchun ham manfaatli hisoblanadi.

- Onlayn nazorat kassa mashinasi qulayliklari bilan bizga maʼqul kelmoqda. Bu turdagi nazorat kassa mashinasida chek saqlash imkoniyati cheklanmagan. Fiskal xotirali kassa apparatlarida 2000 ta chekdan soʻng qayta chek oʻramini oʻrnatish kerak edi. Onlayn kassa mashinasida 20000 tagacha tovarning nomlanishi bor. Yana bir qulayligi, ilgari yangi tovar nomini qoʻlda yozib kiritish kerak edi. Endi mahsulotning shtrix kodi kiritilsa, apparat xotirasida avtomatik ravishda tovar nomlanishi paydo boʻladi. Endi virtual kassani ham oʻrnatish niyatidaman, - deydi Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkor Abror Sodiqov.

Jizzax viloyatida shu paytga qadar 1000 dan ziyod tadbirkorlik subyekti onlayn NKM va virtual kassa tizimi bilan taʼminlandi. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkichni 2771 taga yetkazish uchun saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan “BI” texnologiyasi asosida “Onlayn NKM&virtual kassa” tizimi orqali onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassadan chek taqdim etilishini masofadan nazorat qilish imkoni yaratilgan. 

Sherzod ABDURASULOV,

Jizzax viloyat DSB davlat soliq bosh inspektori