Farmonga koʻra, quyidagilar 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilandi, jumladan:
- yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;
- savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.
2026-yil 1-apreldan quyidagilar uchun toʻlovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun toʻlovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- transportlarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash boʻyicha xizmatlar;
- qiymati 25 mln soʻmdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.