Huquq-tartibot idoralari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Fargʻona viloyatining Quvasoy shahrida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro I.I. “Telegram” messenjerida giyohvandlik vositalari sotish bilan shugʻullanuvchi uyushgan jinoiy guruh aʼzosi tomonidan gaz pechi ichiga yashirilib, Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan 321 gr “5F-APINACA” nomli sintetik narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, keyinroq I.I. tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu ajal ogʻusini olish uchun kelgan vaqtida Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi J.S. ham ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, uyushgan jinoiy guruh aʼzosi topshirigʻiga koʻra, J.S. Andijon shahridagi xonadonlardan birini ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil qilgani maʼlum boʻldi.
Bundan tashqari, J.S. tomonidan Marhamat tumani hududidagi xufiya joyga yashirib qoʻyilgan 4 kg. 372 gr. “a-PVP” sintetik narkotik moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshloq tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, I.I. 13-yil 6 oy va J.S. 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.