Narkotik savdosi faqatgina shaxsiy sogʻliqqa tahdid solmasdan, balki iqtisodiy inqiroz, ijtimoiy parokandalik, siyosiy barqarorlikning izdan chiqishi va xavfsizlik muammolarini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, chegaralar orqali narkotik moddalarni olib oʻtish, ularni tarqatish va noqonuniy pul aylanmasi jinoiy guruhlar uchun katta manbaga aylandi. Shu sababdan, davlatlar narkotik moddalarga qarshi kurashishda anʼanaviy huquq-tartibot choralari bilan bir qatorda, zamonaviy tahlil usullarini ham joriy etmoqda.
Shunday usullardan biri — bu narkotik profaylingdir. Profayling (inglizcha: profile — „profil“) — shaxsni tashqi koʻrinishi, noverbal va verbal xulqidagi eng koʻp axborot beruvchi maxsus belgilari, xususiyatlarini tahlil qilish asosida inson xulqini baholash va prognozlashga qaratilgan psixologik usul va metodikalar majmuini bildiruvchi tushuncha.
Bu jarayonda narkokurerlar, tarqatuvchilar va narkotik qochoqchilariga oid maʼlumotlar tahlil qilinadi, shubhali harakatlarga eʼtibor qaratiladi hamda ehtimoliy xavflar saralanadi.
Dunyoda giyohvandlar soni ortib bormoqda – BMTning maʼlumotiga koʻra, oxirgi oʻn yil ichida ularning soni 296 million kishiga koʻpaygan .
Respublikamizda 2023-yilda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 8280 ta jinoyat aniqlangan boʻlsa, shundan 6147 nafari jinoiy va 1407 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Javobgarlikka tortilganlarning 58 nafari chet el fuqarolari boʻlib, shundan 49 nafari MDH davlatlari fuqarolari.
Tezkor tadbirlar natijasida 2 tn 31 kg 886 gr giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar noqonuniy muomaladan olingan. Shundan, 2 tn 25 kg 13 gr giyohvandlik vositalar va 6 kg 127 gr psixotrop moddalar.
Musodara qilingan giyohvandlik vositalarning 866 kg 253 gr kontrabanda boʻlsa, 19 kg 687 gr oʻz hoxishi bilan topshirilgan va 31 kg 580 gr egasiz boʻlgan. Shuningdek, 10486 m.kv maydonda tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud oʻsimliklar yoʻq qilingan.
“Telegram” ijtimoiy tarmogʻida giyohvandlik vositalarning noqonuniy savdosini amalga oshiruvchi 1499 ta akkauntlar aniqlanib, shundan 1311 tasi bloklandi. Qolgan 188 tasini bloklash boʻyicha ijtimoiy tarmoq moderatorlariga xabar berilgan, shuningdek akkauntlarni reklama qiluvchi 2962 ta “narkograffiti” oʻchirilgan.
Ushbu maqolada narkotik profayling tushunchasi, uning turlari, amaliyotdagi samaradorligi, huquqiy va axloqiy jihatlari, shuningdek, uni joriy qilishdagi muvaffaqiyatlar va muammolar atroflicha tahlil qilinadi. Maqsad — mazkur usulning jamiyat xavfsizligidagi oʻrnini baholash va uni qonuniy, samarali va inson huquqlariga muvofiq tarzda qoʻllash imkoniyatlarini oʻrganishdir.
Shuningdek, Narkotik profaylingida samarali va amaliyotda sinovdan oʻtgan kurash usullarini sanab oʻtadigan boʻlsak, ular texnik, amaliy va huquqiy yoʻnalishlarga boʻlingan:
Ximiyaviy va fizik profayling vositalar — bular narkotik moddalarning tarkibiy qismlarini tahlil qilishga asoslanadi, tahlil natijasida narkotik moddaning manbasi, ishlab chiqarilgan mintaqasi va sintetik usulini aniqlash uchun qoʻl keladi;
Harakatlar profayling vositalari — shaxsning tashqi harakatlari, psixologik holati va jismoniy reaksiyalarini tahlil qilish va shaxsning asabiylik, koʻzlardan qochish, terlash, ovozda beqarorlik, qoʻldagi titrashlar, ortiqcha harakatlar yoki jimlik, yuk koʻpligi, marshrutning asosli emasligi;
Hujjat va sayohat maʼlumotlari tahlili — safar marshrutlari, sayohat maqsadi nomaʼlum, qayta-qayta oʻsha yoʻnalishlarda sayohat qilish, qochoqchilik ehtimoli bor yoʻlovchilarni oldindan aniqlash;
Sunʼiy intellekt – maʼlumotlarni tahlil qilib, xavfni avtomat aniqlash, videokameralar va skanerlar orqali shaxsning harakatlarini tahlil qiladi, asabiylik, qoʻlda shubhali harakat, yukni ehtiyotkorlik bilan olib yurish, yuk va transport vositalarida narkotiklar bor-yoʻqligi AI bilan tahmin qiladi, rentgen tasvirlari orqali narkomanni tanib olish, termal kameralar orqali noodatiy issiqlikni aniqlash, Masalan: AQSH va Xitoyda aeroportlarda kompyuter koʻrish (computer vision) yordamida narkotik tashuvchilar 70–80% holatda avtomat aniqlangan. SI bilan boshqariladigan skanerlar (masalan, portativ narko-detektorlar) kimyoviy moddalarni tezkor aniqlash, millionlab maʼlumotlar orasida narkotiklar bilan bogʻliq xatti-harakatlar, xatlar, moliyaviy operatsiyalar kabi shablonlarni avtomat tanib oladi. Shuningdek, Sunʼiy intellekt narkotiklarga qarshi kurashda katta samara berishi mumkin. U xavfni oldindan aniqlash, tarqalishni kuzatish, kimyoviy tahlilni avtomatlashtirish va shaxslarni shubhasiz kuzatish orqali huquq-tartibot organlariga kuchli yordamchi boʻladi. Ammo bu texnologiyalarni faqat axloqiy, qonuniy va inson huquqlariga mos ravishda joriy qilish kerak. Inson huquqlari eng ustuvor qadriyat sifatida saqlanishi lozim;
Video kuzatuv va identifikatsiya texnologiyalari — yoʻlovchilarning yuz ifodalarini, harakat yoʻnalishlarini kuzatish, biometrik maʼlumotlar asosida tahlil qilish, avtomatik yuz va harakat tahlili qilish, real vaqtda shubhali harakatni kuzatish va chora koʻrish;
Qidiruv va kuzatuv vositalari — narkotik moddalarni aniqlash uchun maxsus tayyorlangan itlardan foydalanish, portativ narkotik skanerlardan foydalanish (narko-detektorlar), rentgen va issiqlik skanerlar (ayniqsa yuk va chemodanlarda), fizik tashuv vositalarida narkotik moddani aniqlash;
Huquqiy va xalqaro hamkorlik vositalari — Interpol kabi tashkilotlar bilan maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, xalqaro qonunlar asosida profayling protokollari (shaffof va diskriminatsiyasiz) qilish, qoʻshma tergov guruhlari, transmilliy qochoqchilikka qarshi samarali harakat;
Kadrlar tayyorlash va malaka oshirish — profayling boʻyicha maxsus tayyorgarlik kurslari (psixologiya, yurisprudensiya), huquq-tartibot organlari uchun treninglar, axloqiy (etika) va inson huquqlari sohasida maʼlumot berish, narkojinoyatlarga qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining bilimini xalqaro standartlarga mos ravishda oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyish.
Narkotik profaylingda samarali vositalar bir-biriga bogʻliq va kompleks ravishda ishlatilishi lozim. Faqatgina texnik vositalar emas, balki inson feʼl-atvori, maʼlumotlarni tahlil qilish qobiliyati va qonuniy asoslar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vositalarni inson huquqlariga zid boʻlmagan holda, shaffof va ilmiy yondashuv bilan qoʻllash — narkotiklar tarqalishiga qarshi samarali kurash olib borishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shuni taʼkidlash lozimki, narkotik jinoyatchilik jamiyat uchun juda katta tahdid tugʻdiradigan, murakkab va tizimli jinoyat turlaridan biri hisoblanadi. Uning tarqalishi nafaqat inson salomatligi va maʼnaviyatiga, balki davlat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikka ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, unga qarshi kurashishda zamonaviy, tizimli va ilmiy yondashuvlarni joriy etish dolzarb masalaga aylangan.
Shu nuqtayi nazardan olganda, profayling — narkotik bilan bogʻliq jinoyatlarni barvaqt aniqlash, tahlil qilish va oldini olishda samarali vosita sifatida namoyon boʻlmoqda. U shaxsning psixologik, ijtimoiy, biometrik va povedensial (xatti-harakat) xususiyatlarini tahlil qilish orqali jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot toʻplashga imkon beradi. Ayniqsa, narkotik trafikini tashkil qiluvchi guruhlarning harakatlari va ularning ichki tuzilmasini fosh etishda psixologik va ijtimoiy profayling usullari yuqori samara bermoqda.
Shu bilan birga, profaylingning joriy qilinishi huquqiy-etik cheklovlar, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, texnologiya imkoniyatlari va malakali kadrlar yetishmasligi kabi qator muammolar bilan toʻqnash keladi. Ushbu muammolarni hal qilish uchun zamonaviy biometrik tizimlarni joriy etish, mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish va qonunchilik bazasini takomillashtirish zarur.
Xulosa qilib aytganda, narkotik profayling bugungi kunda jinoyatchilikka qarshi kurashning innovatsion, tezkor va aniq usullaridan biri sifatida jinoyat-huquqiy tizimda alohida oʻrin tutadi. Undan samarali foydalanish uchun ilmiy yondashuv, xalqaro tajriba va milliy sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan zarur.
Abbos Payziyev,
«Maxsus huquqiy fanlar va harbiy diplomatiya kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori
(PhD)