Jumladan, Parkent tumanida har kuni viloyat prokuraturasi bo'lim boshlig'i Xurshid Usmonov, tuman prokurori Sharifjon Akbarov, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosining tuman bo'limlari rahbarlari, tuman Kengashi deputati Muhayyo Ahmedovadan iborat ishchi guruh oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va bozordagi narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida tadbirkorlar va novvoylar bilan uchrashib turibdi.
Mutasaddilar tumanda qolipli non ishlab chiqarish bilan shug'ullanuvchi yirik tadbirkorlik sub'yektlaridan biri “Dilnoza” korxonasida ham bo'ldi. Korxona vakillari qolipli non ishlab chiqarishni tavsiya etilgan va belgilangan narxda ko'proq sotish maqsadida 225 million so'm miqdorda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko'rsatishni so'rab murojaat etishdi. Murojaat joyida qanoatlantirilib, bank mutasaddilari korxonaga chaqirildi. Suhbat jarayonida “Dilnoza” korxonasiga 1 hafta muddat ichida 14 foizda imtiyozli kredit ajratilishi ma'lum qilindi.
Shundan so'ng bozor hududida ham o'rganish ishlarini olib borildi. Novvoylar hamda oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug'ullanuvchilarga narx-navoni barqaror saqlash, sun'iy oshirib yubormaslik yuzasidan zarur tushuntirish, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasidagi narx-navo nazorat qilindi.
Bozor hududidan tashqari, mahallalardagi savdo nuqtalarida qolipli non savdosi tavsiya etilgan 2800 so'mdan oshib ketmasligi uchun tadbirkorlarga amaliy yordam berildi. Xususan, Buloqboshi mahallasidagi “Asl kitob” MCHJga qarashli oziq-ovqat do'koniga hamda yakka tadbirkor X. Rahmonovga arzon narxlarda qolipli nonni yetkazib beradigan ta'minotchilar topib berildi.
Tumandagi Kumushkon mahallasida fuqarolar uchun sayyor qabul ham tashkil etildi.
Ishchi guruhning keyingi manzili tuman tibbiyot oshxonasi bo'ldi. U yerda non mahsulotlarnining ta'minlanganlik darajasi, narx-navosi o'rganildi. Tuman bosh shifokoriga non mahsulotlari narxining barqarorligini ta'minlash hamda yetkazilishida uzilishlar bo'lmasligi borasida zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Parkent tumanida qolipli non ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar hamda novvoylar faoliyatida uchrashi mumkin bo'lgan muammolar hamda joylarda narx-navolarni maqbul narxlarda sotilishi yuzasidan olib borayotgan kunlik nazorat davom etmoqda.