Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi davrida barcha tarmoq va yo'nalishlardagi kabi statistika sohasida ham tub o'zgarishlar yuz bermoqda. Prezidentimizning 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda 2020 yil 3 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari ijrosini ta'minlash natijasida  keng ko'lamli ishlar bajarib kelinyapti.

Sohadagi islohotlarning muhim yo'nalishidan biri sifatida, ichki iste'mol bozoridagi narxlar statistikasini takomillashtirish, ilg'or xorijiy tajribalarni va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2020 yilda iste'mol bozorida narx kuzatuvlarini o'tkazish jarayonlariga CAPI texnologiyasi, ya'ni,  maxsus qurilmalar – planshetlar to'liq tatbiq etildi. Natijada inflyatsiyani hisoblash jarayonlari avtomatlashtirildi, statistik ma'lumotlarning xolisligi va yuqori sifatini ta'minlashga erishildi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab, MDH mamlakatlari orasida birinchi bo'lib mamlakatimizda iste'mol narxlari indeksi kuzatuvlariga Xalqaro valyuta jamg'armasi(XVJ) tomonidan tavsiya etilgan “Maqsadlar bo'yicha shaxsiy iste'mol tasniflagichi – 2018” talablari joriy qilindi. Bu, o'z navbatida, narxlari kuzatiladigan tovarlar va xizmatlar tasniflagichi xalqaro standartlarga to'liq muvofiqlashtirilish imkonini berdi.

Shuningdek, XVJ texnik ko'mak missiyasi bilan hamkorlikda O'zbekistonda qo'llanilayotgan iste'mol narxlari kuzatuvlarini o'tkazish amaliyoti va inflyatsiyani hisoblash metodologiyasi batafsil ko'rib chiqildi. Ta'kidlash joizki, missiya yakuni bo'yicha xalqaro moliyaviy muassasa ekspertlari tomonidan mamlakatimizda iste'mol narxlari kuzatuvlarini tashkil etish borasida olib borilayotgan amaliy va uslubiy ishlarga yuqori baho berildi.

Endi, bevosita inflyatsiya masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, ma'lumki, inflyatsiya ko'rsatkichi mamlakatdagi makroiqtisodiy barqarorlikni ifodalovchi muhim iqtisodiy ko'rsatkichlardan biri bo'lib, ichki iste'mol bozorida tovar va xizmatlar narxlari umumiy darajasining o'zgarishini o'zida aks ettiradi.

Mazkur ko'rsatkich Davlat statistika qo'mitasi tomonidan xalqaro andozalarga asosan, 1994 yildan boshlab shakllantirilib, e'lon qilib kelinadi. Bugungi kunda, mamlakatimizda inflyatsiya darajasi xalqaro amaliyotga muvofiq iste'mol narxlari indeksi asosida hisoblanadi hamda shu maqsadda ichki bozordagi 510 turdagi iste'mol tovarlari va xizmatlari narxlari kuzatib boriladi.

Ma'lumot uchun, Iste'mol narxlari indeksi (INI) – uy-xo'jaliklari talabidan kelib chiqib, ma'lum bir tovar va xizmatlar umumiy narxlarining o'rtacha o'zgarish darajasini ifoda etadi. Ushbu umumiy ko'rsatkich iste'mol savatidagi har bir tovar va xizmat uchun narxlarning o'zgarishini inobatga olgan holda hisoblanadi.

Iste'mol narxlari indeksi hisob-kitoblarida, tanlanmadagi har bir tovar va xizmatlar bo'yicha alohida hisoblangan salmoq vaznlardan foydalaniladi. Salmoq vaznlar uy xo'jaliklarining yillik iste'mol xarajatlarida har bir tovar va xizmatlarning jami xarajatlarga nisbatan ulushini hisoblash orqali shakllantiriladi.

Shundan 170 tasini oziq-ovqat mahsulotlari, 250 tasini nooziq-ovqat mahsulotlari hamda  90 ta xizmatlar tashkil qiladi. Bunda, narx kuzatuvlari 10 mingdan ortiq savdo va pullik xizmat ko'rsatish ob'ektlarida o'tkaziladi.

Inflyatsiya darajasini yanada aniqroq hisoblash maqsadida narxlar kuzatuvlari bilan qamrab olingan tovar va xizmatlar ro'yxati doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bunday tovarlar va xizmatlar soni 1994 yilda 285 tani va 2019 yilda 386 tani tashkil etgan.

Iste'mol narxlari kuzatuvlari natijalariga ko'ra, O'zbekistonda inflyatsiya darajasi o'tgan yil yakuni bo'yicha 11,1 foizni tashkil qildi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari 15,3, nooziq-ovqat mahsulotlari 8,8, va xizmatlar tariflari 7,1 foizga qimmatlashdi.

Ta'kidlash joizki, 2020 yilda ichki bozorda tovar va xizmatlar narxlarining o'sishi kuzatilgan bo'lsa-da, iqtisodiyotda narxlar o'sishi 2019 yildagiga nisbatan sekinlashdi, ya'ni, inflyatsiya darajasi 15,2 dan 11,1 foizgacha yoki 4,1 foiz bandga pasaydi.

Guruhlar kesimida oziq-ovqat mahsluotlari narxlari o'sishi 2019 yildagi 18,6 dan 15,3 gacha, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o'sishi 10,9 dan 8,8 fozgacha hamda xizmatlar tariflari o'sishi 15,2 dan 7,1 %gacha sekinlashdi.

Solishtirma tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, 2020 yilda inflyatsiyaning 11,1 darajada shakllanishiga, xuddi 2019 yildagidek, asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi ta'sir qilgan bo'lib, mazkur tovar guruhi hissasiga umumiy narx oshishining 58,2 foiziga (2019 yilda 53,4 foiz) to'g'ri keldi. O'z navbatida, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari oshishining ulushi 27,3 foizni (2019 yilda 24,9 foiz) hamda xizmatlar tariflari oshishining ulushi 14,5 foizni (2019 yilda 21,7 foiz) tashkil etdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari guruhlari bo'yicha narxlar o'zgarishini ko'rib chiqadigan bo'lsak, 2020 yilda non mahsulotlari 15,2 foizga, go'sht, parranda go'shti va baliq 18,1 foizga, sut mahsulotlari 11,5 foizga, mevalar, sabzavotlar va kartoshka 11,9 foizga, shakar, choy va boshqa mahsulotlar 11,8 foizga, tuxum 37,6 foizga, yog' va moylar 27  foizga qimmatlashishi kuzatildi. 

Ayrim asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishiga qator omillar ta'sir o'tkazdi. Xususan, jahon bozorida, shu jumladan,  qator asosiy eksport qiluvchi mamlakatlarda ayrim muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sezilarli o'sganligi ichki bozorda narxlar oshishiga olib keldi. Jumladan, 2020 yil davomida jahon bozorida bug'doy narxi 5,0 foizga, Rossiya Federatsiyasida kungaboqar va lavlagi hosilining sezilarli darajada qisqarishi ta'sirida kungaboqar yog'i 23,0 foizga, shakar narxi esa 70,0 foizga qimmatlashdi.

Ta'kidlash joizki, 2020 yilda sabzavotlar o'rtacha narxlarida jiddiy o'zgarishlar (yillik o'sishi 0,06 foiz) kuzatilmadi. Bu holat, o'z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari bo'yicha narxlar umumiy darajasi o'sishini pasaytiruvchi omil bo'lib xizmat qildi.

Mazkur ijobiy holatni mamlakatimizda sabzavotlar etishtirish hajmining o'sishi hamda qat'iy karantin cheklovlari davrida umumiy ovqatlanish sohasi korxonalari faoliyatining qisqarishi hisobiga ularga bo'lgan talabning kamayganligi bilan izohlash mumkin.

Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari guruhi bo'yicha narxlar umumiy darajasi o'sishini jilovlashda, xususan 2019 yilga nisbatan pasayishida 2020 yil davomida mamlakatimizda murakkab pandemiya sharoitida iqtisodiyotni barqarorlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash hamda aholini ijtimoiy qo'llab-quvatlash bo'yicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.

Jumladan, 2020 yil davomida ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash, bozorlarda asosiy turdagi mahsulotlar narxlarining asossiz ravishda oshib ketishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida ichki bozorda asosiy turdagi oziq-ovqatlar narxlari yanada yuqorilab ketishining oldi olindi.

Endi nooziq-ovqat mahsulotlari guruhiga to'xtaladigan bo'lsak, asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning yuqori o'sishi dori-darmonlar (13,3 foiz), tamaki mahsulotlari (11,6 foiz), qurilish materiallari (11,2 foiz), shaxsiy gigiena tovarlari (9,2 foiz), kiyim-kechak (8,6 foiz) va yoqilg'i mahsulotlari (7,5 foiz) guruhlari bo'yicha kuzatildi.

Yana bir muhim mahsulot – tsement narxi ham yil davomida o'zgarib turdi. Jumladan, yilning yanvar-avgust oylarida mazkur mahsulot narxi doimiy ravishda oshib borgan bo'lsa, sentyabr`-dekabr` oylarida, aksincha, tsementning arzonlashishi kuzatildi.

Ta'kidlash joizki, iste'mol narxlari indeksiga kiruvchi asosiy guruhlardan narxlar o'sishining eng sezilarli sekinlashishi pullik xizmatlar guruhi bo'yicha (2019 yildagi 15,2 foizdan 2020 yilda 7,1 foizgacha yoki 8,1 foiz bandga pasayishi) qayd etilgan bo'lib, mazkur holat asosan uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining (kam sonli hududlarda ichimlik suv tariflarining ko'tarilganligini hisobga olmaganda) yil davomida oshmaganligi bilan izohlanadi.

Xulosa qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq murakkab shart-sharoitlarga qaramasdan, 2020 yil yakuni bo'yicha mamlakatimizda inflyatsiya darajasining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

Joriy yil yanvar iste'mol narxlari kuzatuvlari mamlakatimizda inflyatsiya darajasi 1,0 foizni tashkil etganligini  ko'rsatdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari 1,2, nooziq-ovqat tovarlari 0,5 va xizmatlar tarifi 1,4 foizga qimmatlashgan.

Prezidentimizning o'tgan yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, joriy yilda inflyatsiyaviy targetlash doirasida narx-navo o'sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo'ladi. Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. SHu boisdan ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to'lovlari bo'yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi.

Umuman, xalqimiz xotirjam bo'lishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz etkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta'minlash ishlariga ustuvor darajada e'tibor qaratiladi. Buning uchun hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko'riladi hamda bu masala Prezidentimizning doimiy nazoratida bo'ladi.

2021 yilda iqtisodiyotning kamida 5 foizga o'sishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta'minlash inflyatsiyani yanada jilovlashga zamin yaratadi. O'z navbatida, Davlat statistika qo'mitasi tomonidan kelgusida ham ichki bozordagi iste'mol narxlari kuzatuvlarini sifatli tashkil etish hamda tegishli statistik ma'lumotlarni keng jamoatchilikka etkazish ishlari izchil davom ettiriladi.

Dilshod XOLMURODOV,
Davlat statistika qo'mitasi
raisining birinchi o'rinbosari