YR4 asteroidi olimlarni xavotirga solishda davom etmoqda. Avvaliga uning 2032-yilda Yer bilan to'qnashishi ehtimoli 1,2 foizga baholangan bo'lsa, keyin bu ko'rsatkich 2,2 foizga ko'tarildi. NASA o'z prognozini yangiladi va uning to'qnashish ehtimolini 3,1 foizga oshirdi. Bu haqda BILD xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, asteroidning aniq trayektoriyasi hozircha noma'lum. Koinot olimi Rayner Krekenning so'zlariga ko'ra, obyekt juda uzoqda joylashgani va kam yorug'likka ega bo'lgani uchun hisob-kitoblar o'zgarib turadi. Uning fikricha, yakuniy ma'lumotlarni olish uchun bir necha oy kerak bo'ladi.
Aniqroq kuzatishlar uchun astronomlar Yer va Quyosh o'rtasida ideal tarzda joylashgan va kuchli infraqizil kameralarga ega bo'lgan James Webb koinot teleskopidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Ma'lumki, asteroidning o'lchami 40 metrdan 90 metrgacha. Potensial halokat radiusi taxminan 50 kilometrni tashkil qiladi, ammo aholi zich joylashgan hududga tushishi ehtimoli pastligicha qolmoqda. Obyekt okean yoki odamlar yashamaydigan hududga tushishi mumkin.
Eslatib o'tamiz, Xitoy 2032-yilda Yer bilan to'qnashishi mumkin bo'lgan 2024 YR4 asteroidi tufayli o'zining yangi yaratilgan sayyoraviy mudofaa kuchlari uchun mutaxassislarni jalb qilishni boshladi.
5-yanvar kuni “potensial xavfli” deb hisoblangan 2020 BC6 asteroidi Yer yaqinidan o'tib ketgani xabar qilingandi. Ushbu samoviy jismning uzunligi 248 metrni tashkil qiladi, deb xabar beradi korrespondent.net.