“Joriy mavsumda oʻz oldiga jiddiy maqsadlarni qoʻyayotgan “ajdarlar” davralar oraligʻida tarkibni kuchaytirish maqsadida braziliyalik hujumchi Mateus Lima Kruzni taklif etdi. Futbolchi hozir Toshkentda tibbiy koʻrikdan oʻtmoqda. Kruz bugun Qarshi shahriga yetib keladi”, deya xabar tarqatdi “Nasaf” klubi matbuot xizmati.

Maʼlumki, qarshiliklar Superliga, Oʻzbekiston kubogi va Osiyo chempionlar ligasidagi ishtirokini davom ettirmoqda. Jamoa birinchi davradan keyin bosniyalik legioner forvard Semir Smaylagich bilan xayrlashgan edi. Uning oʻrniga 29 yoshli Mateus Lima Kruz taklif etilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, braziliyalik hujumchi soʻnggi mavsumlarda Serbiya, Xorvatiya va Isroil klublarida oʻynagan. U 2021-yilda Isroilning “Hapoel Rishon” klubi tarkibida 34 oʻyinda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 7 bor aniq nishonga olgan.