Bu joriy yilning oʻtgan davri mobaynidagi raqamlar xalos. Navbahor tuman adliya boʻlimi tomonidan Navbahor tibbiyot birlashmasi va uning quyi boʻgʻinlarida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2010-yil 27-fevraldagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma talablariga rioya etilishi monitoring qilinganda mazkur kamchiliklar aniqlangan.
Xatoliklar asosan, tugʻruq va reanimatsiya boʻlimi, qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish davomida kuzatilgan.
Oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalarning nusxalari koʻzdan kechirilganda baʼzilarida marhumning vafot etgan vaqti, ismi sharifi, ayrimlarida esa, vafot etgan joyi koʻrsatilmagan yoki notoʻgʻri yozilgani maʼlum boʻldi. Hatto, oʻlimni qayt etish jurnaliga roʻyxatga olish oylar davomida kechiktirilgan, bir marhumga oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma 2 marotaba berilgan holatlarga ham duch kelindi.
Masalan, tumanning Keskanterak mahallasi, Mustaqillik koʻchasida yashagan va 24.05.2020-yilda Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati, Reutov shahrida vafot etgan marhum S.Xudoyberdiyevning yaqinlariga Reutov shahri vakolatli idoralari tomonidan 27.05.2020-yilda 348423 raqamli “Oʻlim guvohnomasi” berilgan boʻlsada, 08.06.2020-yilda tuman poliklinikasi tomonidan ham 16-sonli oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma berilgan.
Vaholanki, Yoʻriqnomaning 29-bandida oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma har bir oʻlim hollarida tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan berilishi belgilangan.
Monitoring davomida tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni toʻldirish jarayonida yozuvlarning boʻyalganligi, sanalar va ota-onalarning ismi sharifi oʻzgartirilgani maʼlum boʻldi. Ayni holat yoʻriqnomaning 5-bandiga zid.
Baʼzida ota-onalar farzandlarining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarini yoʻqotib qoʻyishadi. Ana shunday paytda guvohnomalarning nusxasi yaʼni dublikatini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Hududdagi ayrim shifokorlar tomonidan berilgan dublikatlarda esa bolaning tugʻilgan sanasi, yili ham notoʻgʻri toʻldirib berilganini koʻrish mumkin. Bu bilan Yoʻriqnomaning 15-bandi qoʻpol ravishda buzilgan.
Aholi tomonidan ommaviy tarzda yoʻl qoʻyilayotgan kamchilik oʻlim haqidagi guvohnomalarni olish vaqti va olganligini tasdiqlovchi imzolarning mavjud emasligi bilan bogʻliq. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 72 ta holatda oʻlim haqidagi guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlari tomonidan imzolanmagan. Bu orqali Yoʻriqnomaning 33-bandi buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 223-moddasida oʻlimni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etmasdan marhumni dafn qilish taqiqlangan. Biroq, tumanda 56 ta holatda dafn marosimidan soʻng tibbiy guvohnomalar olinganligi maʼlum boʻldi.
Navbahor tuman adliya boʻlimi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritilib, Yoʻriqnoma ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan qonuniy tartibda intizomiy chora qoʻllanildi.
Orif Sultonov,
Navbahor tuman adliya boʻlimi bosh maslahatchisi