Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili axborot berdi.
Joriy yilning 1-mart holatiga koʻra, Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining saʼy-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanimizga qaytarildi.
Hozirgi vaqtda “Karchova” nazorat-oʻtish punktidagi toʻplanish joyida boʻlib turgan 650 dan ortiq fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish koʻzda tutilmoqda.
Oʻzbekistonning Polshadagi Elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shugʻullanmoqda va ularning aeroportda boʻlib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.