Yoshlik mahallasi Markaz koʻchasida yashovchi fuqaro Yu.A isteʼmol qilingan kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlamaganligi kamdek, noqonuniy ravishda tarmoqlarga ulanib isteʼmolda davom etib kelgan.

Jumladan, elektr energiyasidan 3 mln 800 mingdan ortiq qarzdorligi boʻlganligi uchun 2021-yilda tarmoqdan uzilgan. Ammo koʻrilgan bu choradan tegishli xulosa chiqarmagan xonadon vakillari elektr energiyasiga noqonuniy ulanib hozirgi kunga qadar isteʼmol qilib kelayotganligi aniqlandi.
Xuddi shu Yu.A xonadonida ichimlik suvidan ham aynan shunday xolat aniqlandi va 8 mln soʻm qarzdorlikni toʻlamay kelgan. Endi tabiiy gaz isteʼmoliga kelsak, gaz quvuriga noqonuniy ravishda rezina shlang yordamida ulanib, 1 mln 700 ming qarzdorlikni yuzaga keltirgan va toʻlanmay kelingan.
Shuncha qarzdorliklar qatorida mol-mulk va yer soligʻidan ham 1 mln 773 ming soʻm boʻlgan qarzdorlik toʻlovi amalga oshirilmagan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudining 2023-yildagi sud buyrugʻiga asosan qarzdor Yu.A Yangiyoʻl tumani suv taʼminoti boʻlimi foydasiga 8 mln soʻm qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan.

Joriy yilning 1-noyabr kuni ijro harakatlari davomida qarzdor Yu.A ichimlik suvidan 8 mln soʻm qarzdorligini toʻlashdan boʻyin tovlaganligi sababli qarzdorga tegishli 13 bosh qoʻylari xatlanib Yangiyoʻl tumani prokuratura byurosi boʻlimi davlat ijrochilari tomonidan tegishli tartibda xolislar ishtirokida dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Yangiyoʻl tumani Bunyodkor mahallasida yashovchi fuqaro O.D xonadoni oʻrganilganda ichimlik suvidan 34 mln 300 ming soʻm, elektr energiyasidan hisoblagich koʻrsatgichiga asosan 1 mln 200 ming soʻm debitor qarzdorlik aniqlandi.
Ushbu oʻrnatilgan elektr hisoblagich Yangiyoʻl tuman elektr tarmoqlarida elektr hisob dasturiga kiritilmagan. Shunga asosan qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirildi.
Mazkur xonadon tabiiy gaz isteʼmolidan ham jami 9 mln 317 ming soʻm qarzdorligi mavjudligi aniqlanib, undirish uchun dalolatnomasi tuzildi va sudga daʼvo ishi kiritildi.

Masʼullar tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlaridan soʻng fuqaro O.D ichimlik suvidan boʻlgan 34 mln 300 ming soʻm qarzdorligini bartaraf etdi.
Bugun kun davomida olib borilgan reyd tadbirlarida ichimlik suvidan 78 mln 900 ming soʻm, tabiiy gazdan 1 mln 700 ming soʻm qarzdorliklar undirildi.
Olib borilayotgan bu kabi reyd tadbirlari davom etmoqda.