“Yakshanba” toʻliq metrajli badiiy filmi rejissyori Shokir Xoliqov Hindiston xalqaro kinofestivalida (International Film Festival of India) “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida gʻolib boʻldi. “Yakshanba” kinokartinasi esa ushbu festivalda “Osiyoning eng yaxshi filmi” deb topildi.
Maʼlumot sifatida, “Yakshanba” badiiy filmi XV Toshkent xalqaro kinofestivalining Markaziy Osiyo filmlari tanlovida “Eng yaxshi film”, Shanxay xalqaro kinofestivalida “Osiyoning yangi iqtidorlari” nominatsiyalarida gʻolib boʻlgan boʻlsa, Qirgʻizistondagi xalqaro kinofestivalda gran-pri sovrinini qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari Osiyodagi eng yaxshi filmlarni aniqlash va ularni mukofotlash loyihasida ham taqdirlanganligini taʼkidlab oʻtishimiz joiz.
Xulosa qilib aytganda, 2023-yil Kinematografiya agentligi va barcha kinoijodkorlar uchun juda muvaffaqiyatli yil boʻldi. Sababi - xalqaro mukofotlar oʻzbek kinoijodkorlarida borgan sari koʻpaymoqda.
Misol uchun, 2019-yilda 7 ta xalqaro mukofot, 2020-yilda 5 ta, 2021-yilda 14 ta mukofot olingan. Oʻtgan 2022-yilda esa kinoijodkorlarimiz 18 ta xalqaro kinofestivalda ishtirok etib 29 ta, bu yil - 2023-yilda esa 28 ta xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, 55 ta xalqaro mukofotlarni koʻlga kiritdi.