Insoniyatning barcha buyuk vakillari bizni hamisha kamolotga, yetuklikka chorlaydilar. Bu muqaddas tuygʻu Hazrat Alisher Navoiy ijodining qayrilmas qanoti deyishimiz mumkin. Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy ijodini oʻqib-oʻrganish, magʻzini chaqa bilishning oʻziyoq yetuklikdan bir nishonadir. Hazrat Alisher Navoiy orzu qilgan hamda muntazam ravishda uqtirgan insoniy komillikka erishish esa ulkan sharafdir. Buyuk ijodkor oʻzining armonlarini, oʻgitlarini goʻzal gʻazallarida, ruboyilarida, benazir dostonlarida mahorat bilan ifoda etgan. Alisher Navoiy asarlarini mutolaa etar ekanmiz, unda bugungi hayotimizdagi har qanday muammoning maʼnaviy yechimini koʻrishimiz mumkin.
Ranj koʻrmay kishi toamu farogʻ,
Koʻngli oʻrtanmayin yonarmu chirogʻ.
Tuxm yerga kirib chechak boʻldi,
Qurt jondan kechib ipak boʻldi.
Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?!
Pilla qurticha himmating yoʻqmu?!
Navoiy oʻz davrining qomusi sifatida mana shu fazilatu nuqsonlarni barchasini baralla qalamga oldi. U chiqargan xulosalar umuminsoniy kashfiyotlar boʻlib qoldi. Navoiyga bugun ham qayta-qayta murojaat qilayotganimizning boisi shundandir. Hazrat Alisher Navoiy ijodi va faoliyati ulkan bir ummondir. Uning tubiga yetish - ummon ostidagi duru jaʼvohirlarga, yaʼni maʼnolar hazinasiga ega boʻlish yoxud bu buyuk bahrni dafʼatan baholash necha-necha avlodlarning umriga tatigulikdir.
Muhit ichra choʻmmay nechunkim nahang,
Kishi ursa boʻlurmi gavharga chang. – deya xitob qilganlarida naqadar haq edilar Hazrat Navoiy.
Navoiyning sheʼriy mahorati haqida bir umr betoʻxtov gapirish mumkin. U oʻz ijodini, gʻazaliyotini faqat sheʼriyat, sanʼat bezagi uchun emas, balki aniq maqsadlar uchun, ezgu gʻoyalar uchun xizmat qildirdi. Uning betakrorligi ham shunda. Buni navoiyshunos olimlarimiz koʻplab tadqiqotlarida ochib berganlar. Hazrat Navoiy oʻz dostonlarida, yuzlab hikoyatlarida davrninng eng nozik siyosiy-ijtimoiy nuqtalariga tadbirkorlik va lutf bilan munosabat bildirib kelgan. Shu maʼnoda u gʻoyatda jasur insondir. Ayni vaqtda uning fuqaroparvarligi, rahmdilligi haqida yuzlab rivoyatlar yaratilgan. Shulardan birida, bosh vazir Alisher sayru sayohatda chodir qurib bir muncha vaqt sahroda turib qolibdi. Shu orada chodirga bir qush oshyon qurib polapon ochayotgan ekan. Alisher oʻsha qush to polaponini uchirma qilguncha bezovta boʻlmasin, deb chodirda maxsus qorovul qoldiribdi. Qushgaki shunchalik mehribon boʻlgan zot xalq dardi uchun qanchalik kuyib yonganini taʼriflashga qalam ojizlik qiladi.
Navosiz ulusning navobaxshi boʻl,
Navoiy yomon boʻlsa, sen yaxshi boʻl.
Hazrat Alisher Navoiy dunyoda dushmanlik emas, yorliq maʼqul ishdir, deganlarida aynan bizning kunlarni gʻaybdan koʻrgan boʻlsalar ajab emas.
Navoiy ideallari bir xalq, bir til, bir millat chegarasiga sigʻmaydi. Bu zotning oʻgitlari jami inson bolasiga, aql-tafakkur sohiblariga qaratilgandir. Shu boisdan ham Hazrat Alisher Navoiyni bashariyatga mehnati singgan zot boʻlganligi uchun ardoqlab, shoir tavalludi katta tantanalar bilan keng nishonlanayapti. Hayot koʻrsatib turibdi, buyuk shoirga sadoqat, uning oʻlmas asarlarini faqat mutolaa qilishda emas, balki uning orzu umidlarini unutmaslikda ham namoyon boʻlar ekan. Shu kunlarda dunyo turkiylarini “yakqalam” qilgan siymoning tabarruk makonlari qaytadan nurga toʻlayotgani shubhasizdir.
Mohira JUMANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi matbuot kotibi.