Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, yosh oilada yuzaga kelgan tortishuvlar kelinning yaqinlari, xususan ammasining gʻazabiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng ayol oʻziga tanish bo‘lgan 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxsga kuyovni o‘ldirishni taklif qilgan va buning evaziga katta miqdorda pul berishini bildirgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati IIB xodimlari holatdan xabar topgach, suiqasd sahnasini tashkil qilib, jarayonni videotasvirga olgan va uni ijtimoiy tarmoq orqali ayolga yuborgan. Ayol esa videoni xursandchilik bilan qabul qilib, kelishilgan 40 million so‘mning 2 million 300 ming so‘mini yollangan shaxslarning plastik kartasiga o‘tkazib bergan.
Shundan so‘ng Navoiy viloyati IIB hamda Zarafshon shahar IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ayol jinoyat ustida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi — qasddan badaniga og‘ir shikast yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.