Navoiy viloyatida yuqori malakali, chuqur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻsha oladigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil taʼminlash maqsadida:
1. Navoiy davlat konchilik instituti Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti(keyingi oʻrinlarda – Universitet) etib qayta tashkil etilsin.
2. Universitet faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va masofaviy taʼlim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi uchun yangi ishlanmalarni yaratish, talabalarga taʼlim jarayonida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun shart-sharoit yaratish;
sanoat tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsiontadqiqotlarni rivojlantirish, tadqiqot natijalari va ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika va yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, talabalar nazariy bilimlarining ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish;
oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;
ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
3. Universitet huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
a) Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali negizida – Nukus konchilik instituti;
b) “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parki;
v) 2022/2023 oʻquv yilida:
Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Karmana xizmat koʻrsatish va servis texnikumi negizida – Karmana politexnika texnikumi;
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tizimidagi Nurota sanoat-konchilik kolleji negizida – Gʻozgʻon politexnika texnikumi.
Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumi va Zarafshon sanoat texnikumi Universitet huzuriga oʻtkazilsin.
4. Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda – Boshqaruv kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashiga (Q.S. Sanaqulov):
a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Universitetning yaqin, oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan rivojlantirish dasturini, moliyaviy yil uchun moʻljallangan biznes-rejasini, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazorat qilish;
Universitetda taʼlim jarayonining amaliyot bilan uygʻunligini, xususan, talabalarning oʻquv jarayonida olgan nazariy bilimlari ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
Universitetning taʼlim va tadqiqot jarayonlariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalar oʻrnatish;
Universitetning ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar boʻyicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorligini oʻrnatish;
taʼlim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startaplar va akselerator faoliyatlarini yoʻlga qoʻyish;
b) quyidagi vakolatlar berilsin:
taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash;
ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda, oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qoʻllash;
Universitet rektori va prorektorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha taqdimnoma kiritish;
Universitet va uning tasarrufidagi taʼlim tashkilotlari tuzilmalarini tasdiqlash;
Universitetning tashkiliy tuzilmasiga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy boʻlinmalar hamda qoʻshimcha shtat birliklarinijoriy etish.
5. Belgilansinki:
Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutiga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;
Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filiali talabalari oʻqishini tegishliligi boʻyicha Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutida davom ettiradi;
Universitet huzuridagi texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
Karmana xizmat koʻrsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejida taʼlim olayotgan oʻquvchilar oʻqishni bitirgunlariga qadar mazkur taʼlim muassasalarida amaldagi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishini davom ettiradi;
Universitet, uning huzuridagi Nukus konchilik instituti, Karmana va Gʻozgʻon politexnika texnikumlari tegishlicha Navoiy davlat konchilik instituti, uning Nukus filiali, Karmana xizmat koʻrsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Quyidagilar:
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti faoliyatini yoʻlga qoʻyish va uni 2026-yilga qadar kompleks rivojlantirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini amaliyot oʻtash obyektlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlarga biriktirish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasasining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;
Universitet faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga Boshqaruv kengashi tomonidan belgilangan miqdorda Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh va boshqa toʻlovlarni toʻlash;
professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi boʻyicha ragʻbatlantirib borish.
8. Belgilansinki, Universitet faoliyati Davlat byudjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, grantlar va homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
9. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasining:
Universitetda taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash hamda Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkini joylashtirish maqsadida “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi avtotaʼmirlash sexi 2-korpus binosini jihozlari bilan birgalikda Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
oʻz mablagʻlari hisobidan Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, professor-oʻqituvchilarini moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, oʻquv va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Navoiy viloyati hokimligi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “Navoiyuran” DK va hududdagi boshqa sanoat korxonalari bilan birgalikda:
Universitetning bakalavriat bosqichi yuqori kurs talabalarini va magistrantlarini ish haqi toʻlanadigan tizim orqali band qilish, jumladan, ularga amaliyot oʻtash davrida haq toʻlash tizimini joriy etish;
Universitet professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlariga ishlab chiqarish korxonalarida stajirovka oʻtash va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sharoit yaratish choralarini koʻrsin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
a) 2022/2023 oʻquv yiliga qadar:
Universitetni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Universitetning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarini mos yoʻnalishlari boʻyicha davlat ulushiga ega yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulash hamda zarur telekommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
b) Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiyuran” DK bilan birgalikda:
2022/2023 oʻquv yiliga qadar Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkini zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlasin va uning faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Universitet huzuridagi “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parkidayetakchi chet el tadqiqot markazlari va malakali xorijiy olimlar ishtirokida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni yoʻlga qoʻysin;
v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Universitetning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari va 2023-yildan boshlab tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash choralarini koʻrsin;
g) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Universitetda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda texnika yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;
d) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Universitet faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlari, donorlar va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
ye) har yilgi investitsiya dasturiga kiritish uchun Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik instituti bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash ishlarini sohaga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga takliflar taqdim etib borsin.
12. Navoiy viloyati hokimligi Universitetga oʻz faoliyatini samarali tashkil etish hamda yangi bino va inshootlarni qurish uchun zarur yer maydonlarining doimiy foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
13. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Nukus temir yoʻl transporti kolleji binosini Universitet huzuridagi Nukus konchilik institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish hamda uni mazkur kollej bino
va inshootlariga bepul joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
14. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X.Toshkulov, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi – bosh direktori Q.S. Sanaqulov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 31-mart









