Navoiy iqtisodiyoti respublikada toʻqqizinchi oʻrindan uchinchi oʻringa chiqib oldi

    Bunaqasi Navoiy tarixida boʻlmagan.

    Soʻnggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratildi.

    Viloyatdagi tadbirkorlar soni 3 karra koʻpaydi. Ularning saʼy-harakati bilan oʻtgan yetti yilda 1 milliard dollarlik eksport boʻldi. Bu yil ham viloyatda 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha ishga tushib, 10 mingta yuqori daromadli ish oʻrni paydo boʻladi.

    Oʻtgan davrda Navoiy iqtisodiyoti toʻqqizinchi oʻrindan uchinchi oʻringa chiqib, 82 trillion soʻmga yetdi. Bunaqasi Navoiy tarixida boʻlmagan.

    Shu bilan birga viloyat hokimligi hozirgi koʻrsatkichlarni bir necha karra oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

    Masalan, viloyatda kaolin, fosforit, granit, marmar, kvars qumlari kabi xomashyo zaxiralari boʻlgan yana 100 ta kon va uchastkalarni tadbirkorlarga taklif qilish mumkin.

    Bu ishlar koʻlamini kengaytirish uchun geologiyada yangi tizim boʻladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan oʻtadi. Buning uchun tajribali xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.