“Ishga marhamat” monomarkaziga tashrif davomida servis va xizmat koʻrsatish sohasida oʻquv xonalarida issiq va sovuq suv taʼminoti, yoritish tizimida qulayliklar yaratish, texnik sohada tegishli oʻquv amaliyot uskunalarini sotib olish va joylashtirishda qulay joylarni tanlash, qurilish sohasida oʻquv amaliyoti maydonlarini tashkil etish yuzasidan tegishli takliflar, koʻrsatmalar berildi.

“Soworking” markazida aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan berilgan yoʻllanma asosida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish va qayta tayyorlash boʻyicha tashkil etilgan oʻquv kurslari faoliyati bilan tanishildi. Ayni paytda markazda elektrik, payvandlash, kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, buxgalteriya yoʻnalishlarida 112 nafar fuqaro, shuningdek, xorijda ishlash istagidagi aholi kasb-hunar va rus tiliga oʻqitilmoqda.

Nurota tumanidagi kasb-hunarga oʻqitish markazida bugungi kunda 133 ishsiz fuqaro tikuvchilik, buxgalteriya, oshpaz-qandolatchi, quruvchi, xorijiy tillar boʻyicha oʻqitilmoqda. Oʻquv markazida masʼullar bilan suhbatlashilib, ularga oʻqishni tamomlayotgan fuqarolarning tijorat banklari kredit mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, oʻquv xonalarini talab darajasida jihozlash, buxgalteriya yoʻnalishi uchun litsenziyalangan 1-S dasturi bilan taʼminlash, rus tili oʻquv kurslariga jalb etiladigan fuqarolar roʻyxatini shakllantirish masalalari boʻyicha topshiriqlar berildi.

Kelgusida oʻquv kurslari faoliyati samaradorligini yana-da oshirish maqsadida elektriklar tayyorlash va haydovchilik oʻquv kurslarini tashkil etish, zarur jihozlar bilan taʼminlash takliflari bildirildi.

Bugungi kunda Qiziltepa tumani kasb-hunarga oʻqitish markazida 135 ishsiz, xorijda ishlash istagidagi va chet elda ishlab kelgan, pandemiya sababli qaytib keta olmagan fuqarolar rus tili, tikuvchilik, elektrik, payvandlash, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, milliy hunarmandchilik, yogʻochni qayta ishlash, duradgorlik, qurilish ustalari tayyorlash kabi yoʻnalishlarda oʻqitilmoqda.

Oʻquv kurslari darslarini sifatli tashkil etish maqsadida qulay sharoitlar yaratish, xususan, uzluksiz elektr va suv taʼminotini yoʻlga qoʻyish, rus tili darsi uchun qoʻshimcha metodik qoʻllanma va darsliklar bilan taʼminlash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Markaz hududida “Navoiy baraka chevarlari” tikuv sexi tashkil etilgan. Bu yerda bir paytning oʻzida tikuvchilik oʻquv kurslari boʻyicha amaliyot darslarini oʻtish rejalashtirilgan. Ayni paytda korxonada 60 nafar ishsiz xotin-qizlar tikuvchilikka oʻqitilmoqda. Kelgusida sexga qoʻshimcha tikuv dastgohlari va zarur uskunalar olib kelish orqali 100 ta yangi ish oʻrni yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.