OAV va turli internet saytlarida kasallik yuzasidan eʼlon qilinayotgan maʼlumotlar har birimizni hushyorlikka chaqirishi kerak aslida. Ammo qariyb besh oydan buyon qayta va qayta aytilishi, targʻibot, tushuntirish ishlarining olib borilishiga qaramasdan hanuzgacha yurtdoshlarimiz masʼuliyatni his qilishmayapti. Ayni kunlarda aniqlanayotgan kasallanishlarning aksariyati aholi orasidan chiqayotgani, oʻtkazilayotgan reyd tadbirlarida karantin talablariga amal qilmayotgan fuqarolarning aniqlanayotganligi ham fikrimizga bir misol.

Yurtimizda karantin talablariga qatʼiy amal qilish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlar yaratib berish maqsadida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilanib, ularga bir qator imtiyoz va imkoniyatlar ham yaratib berilyapti.

2020-yil 21-iyul soat 10-00 holatiga Navoiy viloyatida ham yana 7 ta holat qayd etildi va umumiy kasallanganlar soni 379 taga yetdi. Bu har birimizni yana bir bor hushyorlikka chaqirishi, mutaxassislar tomonidan tavsiya etilayotgan karantin qoidalariga amal qilishimiz lozimligini bildiradi.

Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati tomonidan tarqatilgan maʼlumotlarga koʻra, viloyatda 65 turdagi dori-darmonning uch oylik zaxirasi yaratilgan. 2,1 mlrd soʻmlik tibbiy buyumlar xarid qilingan. Sogʻliqni saqlash vazirligi va «Farmsanoat» agentligiga buyurtma berish orqali 7,6 mlrd soʻmlik tibbiyot vositalari xarid qilindi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va tuman (shahar)larda maslahat markazlari hamda “Ishonch telefonlari” tashkil etildi. Homiylik yordamini tarqatish uchun 64 nafar volontyor va 17 ta avtomashina jalb qilingan. Eng muhimi uy karantinidagilarga xizmat koʻrsatish uchun 354 nafar shifokor va 1454 nafar patronaj hamshirasi jalb qilingan.

Taʼkidlanishicha, “Ayni paytda qoʻshimcha ravishda 238 ta oʻrin hozirlab qoʻyildi. Jami oʻrinlar soni esa 1614 tani tashkil etmoqda. Viloyatda 44 ta mobil guruhning faoliyat yuritayotgani inobatga olinib, tibbiyot muassasalaridagi transportlardan tashqari yana 50 ta “Damas” ajratilishi rejalashtirilgan”.

Albatta, bugun amalga oshirilayotgan har bir harakat va chora-tadbirlar aholi salomatligini saqlash, pandemiya sharoitida fuqarolarimizga yaqindan koʻmak berishga qaratilgan. Shunda ekan, har birimiz karantin talablariga amal qilgan holda zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasligimiz, oʻzgalar hayotini qadrlashimiz lozim. Unutmaylik, har birimiz yurt taraqqiyoti uchun masʼulmiz.

Abduvali BOʻRIYEV,

OʻzMTDP Navoiy viloyati kengashi matbuot kotibi.