Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari - Bola huquqlari bo'yicha vakil Aliya YUnusova boshchiligida Bola huquqlarini ta'minlash sektori xodimlari Navoiy viloyatidagi bolalar haqida g'amxo'rlik qilish va ularni himoya qilish uchun mas'ul bo'lgan muassasalar, xizmatlar, organlar, shu jumladan ta'lim, tibbiyot muassasalarida bola huquqlariga oid qonun xujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan monitoring tashriflarini amalga oshirdi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Navoiy viloyatida bugungi kunda ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan jami 1991 nafar voyaga etmaganlar mavjud. Ularning 1181 nafari vasiylikka, 352 nafari homiylikka, 439 nafari farzandlikka, 8 nafari oila (patronat)ga va 11 nafari bolalar uyiga joylashtirilgan.

Dastlab, Navoiy shahar “Mehribonlik uyi”ga monitoring amalga oshirildi. Muassasada ta'lim-tarbiya olayotgan bolalar 2021 yilning 1 aprel holatiga 61 nafarni tashkil etib, ulardan 13 nafari chin etimlardir. Aniqlanishicha, muassasadagi 2020 yil mabaynida 30 nafar tarbiyalanuvchilar oilaga qaytarilgan.

Muassasada tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy va hayotiy ko'nikmalarini shakllantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. SHu bilan birga tarbiyalanuvchilar uchun turli o'quvlar hamda zamonaviy komp`yuter dasturlash ko'nikmalariga o'qitish kurslari tashkil qilingan. Navoiy shahar Zarafshon ko'chasi 8-a uyda joylashgan ushbu  “Mehribonlik uyi”ga ajratilgan bino moslashtirilgan bo'lib, uning umumiy holati yaxshi. Lekin, tibbiyot xonalari, oshxona, yuvinish xonalari “Mehribonlik” va maktab internat uylarini qurish va saqlash sanitariya qoidalari talablariga mos kelmaydi.

Bola huquqlari bo'yicha vakil tarbiya muassasasini tamomlagan uy-joyga muhtoj bo'lgan etim bolalar hamda ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash holatiga alohida e'tibor qaratdi. Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, 2020 yilda muassasani 12 nafar bola bitirga bo'lib, ularning 7 nafari Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasiga qarashli 2-son yotoqxonasiga joylashtirilgan. Qolgan 5 nafari esa OTM yotoqxonalarida yashamoqda. Aslida esa ushbu bitiruvchilar qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan bo'sh, alohida, qulay va shinam bo'lgan hamdaa belgilangan sanitariya va texnik me'yorlarga mos uy-joylar bilan ta'minlanishi kerak. 2016-2017 yillarda 2 nafardan bitiruvchilariga ikki xonali uy berilgan. 2020 yilgi bitiruvchilar esa faqat yotoqxonalardan xonalar ajratilgan.

SHuningdek, muassasada 6 nafar 18 yoshdan oshgan tarbiyalanuvchilar mavjud. Qonun hujjatlariga ko'ra, tarbiyalanuvchilar majburiy umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'limni tamomlagunga qadar muassasada bo'lishlari, undan so'ng esa alohida uy-joy bilan ta'minlanishlari kerak edi. Bola huquqlari bo'yicha vakil muassasadagi sharoitlarni ko'zdan kechirib, bu erda tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashdi.

Navbatdagi monitoring ob'ekti - Tomdi tumani bolalar shaharchasi bo'ldi. Qonun hujjatlariga ko'ra, bolalar shaharchasida tarbiya jarayoni oilaviy tipga ko'ra tashkil etiladi. Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berilgan bolalar tarbiyachi boshchiligida guruhlarga bo'linadi, guruhlar oilalar deb ataladi. Har qaysi oilada turli yoshdagi 6 nafardan 8 nafargacha bolalar tarbiyalanadi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchining ta'lim muassasasini va o'qitish shaklini tanlashda bolalarning xohishlarini hisobga olishi va bolalarning umumiy o'rta ta'lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart. Tarbiyalash usullari bolalarning qadr-qimmatini tahqirlovchi mensimaslik, shafqatsizlik, qo'pollik munosabatlaridan xoli bo'lishi kerak.

2019 yilda qurib bitkazilgan ushbu shaharchada 10 ta kottej bo'lib ularning har birida 7-8 nafar bolalar oilaga yaqinlashtirilgan sharoitlarda yashashmoqda. Ushbu bolalar shaharchasi ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan va to'liq davlat ta'minotida bo'lgan bolalarning yashashga va oilada tarbiyalashga bo'lgan huquqlarini ro'yobga chiqarish, shuningdek, ijtimoiy moslashish va jamiyatga integratsiyalash uchun ularning ma'naviy-axloqiy, mehnat tarbiyasi va ta'lim olishini har tomonlama ta'minlash maqsadlariga mos holda tashkil etilgan.

Bolalar shaharchasida 2021 yilning mart oyi holatiga ko'ra, 64 nafar  tarbiyalanuvchi mavjud bo'lib, ularning 5 nafari chin etimdir. Zamonaviy va shinam sharoitlar yaratilgan ushbu muassasada yopiq sport zali mavjud emas. SHuningdek, 4070 ta kitoblar fondiga ega kutubxonada Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 noyabrdagi 739-son qaroriga asosan tasdiqlangan “Bolalar shaharchaci to'g'risida”gi nizomga ko'ra kutubxonachi shtati ajratilmagan.

Ushbu bolalar shaharchasida ham belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda 18 yoshdan oshgan 10 nafar bola yashab kelmoqda. Ushbu muassasada ham mas'ul davlat idora va tashkilotlar tomonidan bitiruvchilarni uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Achinarlisi, ushbu muassasani bitirgan yana 34 nafar bola hozirda turar-joyga muhtoj.

-Ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan ta'minlamaslik, o'z navbatida bu toifa shaxslar doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yhatdan o'tishi, ish joy bilan ta'minlanishi va tibbiy yordam olishida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi,- deydi Bola huquqlari bo'yicha vakil Aliya YUnusova.- Vaziyatning murakkab ekanligini inobatga olib, bolalar uchun javobgar bo'lgan mas'ul tashkilotlar, muammolarni tezlikda hal etib, bu haqda ma'lumot berishlari maqsadga muvofiq.

Bola huquqlari bo'yicha vakil tomonidan monitoring o'tkazilgan yuqorida qayd etilgan muassasalardagi xodimlar, bemorlar va tarbiyalanuvchilar bilan yakka tartibdagi va jamoaviy uchrashuvlar tashkil etildi. Jamovaiy uchrashuvlarda 100 dan ortiq, yakka tartibdagi uchrashuvlarda 20 ga yaqin fuqarolar bilan muloqot qilindi. Taklif va murojaatlari o'rganildi. O'rganilgan boshqa ob'ektlar haqida ham batafsil ma'lumotlar taqdim etiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha

 vakili (ombudsman) matbuot xizmati