Karmana tumani hududida joylashgan mazkur dala-oʻquv maydonining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan shu kunga qadar Navoiy garnizoni kuch tuzilmalari amaliy mashgʻulotlarni Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon dala-oʻquv poligonida amalga oshirib kelayotganliklari taʼkidlanib, endilikda mazkur dala-oʻquv maydoni barcha boʻlinmalarning nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib, jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini mustahkamlashga, shuningdek, mazkur maskan Navoiy yoshlarining vatanparvarlik ruhida kamol topishlariga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.
Shundan soʻng, mehmonlar dala-oʻquv maydonida bunyod etilgan nazorat oʻtish joyi, maydonning boshqaruv punkti va shtab binosi, yotoqxona, oshxona, oʻquv sinflari, maishiy xizmat koʻrsatish xonalari, tibbiyot punkti, texnika vositalarining turar joyi, olovli toʻsiqlar yoʻlagi, jangovar qurollardan oʻq otish yoʻlaklari va maxsus oʻquv mashqlari hududi, temir yoʻl vagoni va avtobuslar maketlari hamda sport shaharchasi bilan yaqindan tanishib chiqishdi.
Shuni alohida eʼtirof etish joizki, shu kunning oʻzida yangi faoliyat boshlagan dala-oʻquv maydonida mahalliy yoshlar va viloyatdagi Milliy gvardiyaga biriktirilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasida mini futbol va voleybol sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.
Tadbir doirasida, yoshlar uchun harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi ham oʻtkazildi.
Unda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olishdi. Kun yakunida esa dala qoʻynida gulhan yoqishib, uning atrofida joʻr boʻlib, qoʻshiq kuylagan holda maʼdaniy xordiq chiqarishdi.
Milliy gvardiya
axborot xizmati