Navoiy viloyati Karmana tumanida “Spark” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganida, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Urganch tumanida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan A.B.ning yonida 992 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX va IIB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida u narkotik moddani Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1996-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan T.M.dan sotib olganligi maʼlum boʻlib, u ham qoʻlga olindi.

Oʻz navbatida ushbu narkosavdogar ajal ogʻusini Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan xarid qilganligi aniqlandi va uning ishtirokida nazorat ostida olish tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazildi.

Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan ayol X.X. va uning turmush oʻrtogʻi, 1982-yilda tugʻilgan X.F. 2 kg 966 gr “gashish” moddasini 21 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, tezkor tadbir davomida Bulungʻur tumanida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan X.M. ham 954 gr “opiy” moddasini Samarqand shahrida sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Tekshiruvlar davomida ushbu giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgani aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.