Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Tomdibuloq OFY yaqinida, yoʻlning 167–168-kilometrlari oraligʻida sodir boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, “Zarafshon–Navoiy” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Zhong Tong” rusumli avtobusni boshqarib ketayotgan 39 yoshli haydovchi Sh. X. (17-yillik stajga ega) transport vositasi ustidan nazoratni yoʻqotgan. Oqibatda avtobus yoʻlning oʻng tomoniga chiqib ketib, agʻdarilgan.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, avtobusda 47 nafar yoʻlovchisi boʻlgan.
Hodisa oqibatida yoʻlovchi sifatida ketayotgan 2 fuqaro jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan. Turli koʻrinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Ayni paytda holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
“Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash, jabrlanganlarga va ularning oila aʼzolariga zarur yordam koʻrsatish hamda yuzaga kelgan ogʻir oqibatlarga huquqiy baho berish choralari koʻrilmoqda“, deyiladi xabarda.