Navoiy viloyatida 1-oktyabr holatiga koʻra faoliyat koʻrsatayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni 17 670 tani tashkil etdi. Bu haqda viloyat Statistika boshqarmasi maʼlum qilmoqda. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish surʼati 30,6 foizni tashkil etib, tadbirkorlik subyektlari soni 4159 taga oshgan.
Tadbirkorlik subyektlarining 3606 tasi oilaviy korxonalar (20,4 foiz), 5007 tasi xususiy korxonalar (28,3 foiz), 8917 tasi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar(50,5 foiz)ni tashkil qiladi.
Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha tahlil qilinganda, eng koʻp oʻsish koʻrsatkichlari savdo (51,1 foiz), qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi (34,3 foiz) hamda sanoat (24,2 foiz) tarmoqlariga toʻgʻri kelgan.
Albatta, pandemiya butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimiz, xususan Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbikorlik sohasi korxonalariga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.
Shunga qaramay, biznes sohasida ijobiy oʻzgarishlarni kuzatish mumkin. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti barqarorligida muhim sanaladi.