PFI (Project Finance International) mukofotlari loyihalarni moliyalashtirish sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri bo‘lib, har yili Yevropa, AQSh, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha eng yaxshi operatsiyalar uchun beriladi.
Qayd etish joizki, elektr stansiyasini qurish loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “Masdar” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi shartlari asosida amalga oshirilmoqda.
Shartnoma Masdar kompaniyasiga 25 yil davomida elektr stansiyasini moliyalashtirish, loyihalash, qurish va ishlatishni ko‘zda tutadi.
Loyihani amalga oshirish uchun 600 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan. Elektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 545 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirib, yiliga 500 ming xonadonning iste’moliga teng boʻlgan 1,6 mlrd.kVt/soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlaydi.
Investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 2026-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 25 foizga yetkazish bo‘yicha belgilangan vazifalarni hal etishga qaratilgan.
Ushbu mukofotni olish investitsiya loyihasining murakkabligi va uning barcha ishtirokchilarining makroiqtisodiy o'zgaruvchan davrda birgalikdagi sa’y-harakatlarining umumjahon e’tirofidir.
Shuningdek, ushbu mukofot O‘zbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng miqyosda joriy etish bo‘yicha maqsadlarini amalga oshirishda barcha ishtirokchilar – Masdar, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda loyiha kreditorlari tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlar, katta mehnat va qat’iyatlilikdan dalolat beradi.