PFI (Project Finance International) mukofotlari loyihalarni moliyalashtirish sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri boʻlib, har yili Yevropa, AQSH, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha eng yaxshi operatsiyalar uchun beriladi.
Qayd etish joizki, elektr stansiyasini qurish loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “Masdar” kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi shartlari asosida amalga oshirilmoqda.
Shartnoma Masdar kompaniyasiga 25 yil davomida elektr stansiyasini moliyalashtirish, loyihalash, qurish va ishlatishni koʻzda tutadi.
Loyihani amalga oshirish uchun 600 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan. Elektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 545 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirib, yiliga 500 ming xonadonning isteʼmoliga teng boʻlgan 1,6 milliard kVt/soat elektr ishlab chiqarishni taʼminlaydi.
Investitsiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 2026-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 25 foizga yetkazish boʻyicha belgilangan vazifalarni hal etishga qaratilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu mukofotni olish investitsiya loyihasining murakkabligi va uning barcha ishtirokchilarining makroiqtisodiy oʻzgaruvchan davrda birgalikdagi saʼy-harakatlarining umumjahon eʼtirofidir.
Shuningdek, ushbu mukofot Oʻzbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng miqyosda joriy etish boʻyicha maqsadlarini amalga oshirishda barcha ishtirokchilar – Masdar, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda loyiha kreditorlari tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlar, katta mehnat va qatʼiyatlilikdan dalolat beradi.