Navoiy viloyatidagi ulkan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

    Navoiy viloyati yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xoʻjaligi boʻyicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida soʻnggi sakkiz yilda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish oʻrni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga koʻpaygan.

    Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori imkoniyatlarni yanada oshirdi.

    Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi 643 million dollarga yetdi, eksport 635 million dollardan oshdi. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.

    Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda koʻp. Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni oʻzlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha imkoniyatlar bepoyon ekanini taʼkidladi.

    Xususan, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma koʻplab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.

    Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yigʻilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.

    Jumladan, Gʻozgʻon shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion soʻmga, eksport 100 million dollarga koʻpayadi.

    Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.

    Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shugʻullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.

    Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va koʻchma doʻkonlar bilan taʼminlab, kambagʻallikdan chiqarish koʻzda tutilgan.

    Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xoʻjaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomgʻirlatib va tomchilab sugʻorish texnologiyasini qoʻllab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yoʻlga qoʻyib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.

    Umuman, viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qoʻshimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish oʻrni, byudjetga 1 trillion soʻm tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo boʻladi.

    Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Yirik va kichik korxonalar oʻrtasida kooperatsiya yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bogʻlab, kafolatli buyurtmani yoʻlga qoʻyib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qoʻyildi.

    Yaylovlarga suv chiqarishga koʻmaklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish zarurligi qayd etildi.

    Navoiy viloyatida oʻrtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham ragʻbatlantiradi. Shunga munosib, istirohat bogʻlari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni koʻpaytirish, xizmatlar hajmini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.