2004-yil Zarafshon shahrida tugʻilgan, millati oʻzbek, maʼlumoti tugallanmagan oʻrta, maktab oʻquvchisi, ayni paytda Zarafshon shahridagi 6-kichik dahada istiqomat qiluvchi B.Q. joriy yilning 8-iyul kuni ota-onasi bilan birgalikda Navbahor tumani, “Yangihayot” MFYda istiqomat qiluvchi bobosining uyiga mehmondorchilikka borgan. B.Q. amakisi – 1985-yil tugʻilgan, millati oʻzbek, Navbahor tumani, “Yangihayot” MFYda yashovchi E.T.ning oʻgay qizi, yaʼni 2015-yil Nurota tumanida tugʻilgan, Navbahor tumani, “Yangihayot” MFYda istiqomat qiluvchi, voyaga yetmagan M.A.ni oshxona pichogʻi bilan boʻyin sohasiga urib, qasddan oʻldirgan.

Voqeaga tasodifan guvoh boʻlgan M.A.ning onasiyaʼni 1988-yil Nurota tumanida tugʻilgan, millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, 1 nafar farzandi bor, Navbahor tumani, “Yangihayot” MFYda yashovchi M.D.ga ham qoʻlidagi pichoq bilan bir necha marotaba tan-jarohati yetkazib, voqea joyidan yashiringan. Ayni payda jabrlanuvchi M.D. tuman Tibbiyot birlashmasining “Jonlantirish boʻlimi”ga yotqizilgan.

– Oiladagi nosogʻlom muhit, ruhiyat va ongning moʻrtligi, mehrsizlik hamda itoatsizlik qonli zoʻravonlikning yuzaga kelishiga sabab boʻldi, – deydi viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik I.Tillayev. – Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ota-onaning farzand tarbiyasidagi eʼtiborsizligi 5 yoshli qizaloqni qurbonga aylantirdi. Axloqiy hamda jismoniy tarbiyasizlik har qanday jinoyatning bosh omilidir. Gumonlanuvchining jazodan qochishga urinishi, qotillikda oʻzini aybdor his etmasligi uni javobgarlikdan ozod etmaydi. Navoiy viloyati IIB JQB xodimlarining olib borgan tezkor saʼy-harakatlari natijasida, gumonlanuvchi shu kunning oʻzidayoq qoʻlga olindi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati