Mazkur holat Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv davomida oʻz tasdigʻini topdi.

Konimex tumanida joylashgan korxonada oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, ishlab chiqarish sexlarida Davlat ekologik ekspertiza xulosasida belgilangan talablar toʻliq bajarilmaganligi aniqlandi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, korxonaga qarashli 28-sonli manbadan havoga chiqarilayotgan fosforit changi belgilangan meʼyordan naq 3,5 barobar yuqori.

Shuningdek, korxona “Toshkura” karyerida noruda qazilmalarni qazib olish boʻyicha “Atrof-muhitga taʼsirini baholash arizasi”ni ishlab chiqqan boʻlsa-da, hozirga qadar tegishli Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini rasmiylashtirmasdan faoliyat yuritib kelgan.

Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olish maqsadida korxonaning 2 ta ishlab chiqarish sexi faoliyati 10 kun muddatga vaqtincha toʻxtatildi.

Tekshiruv davomida atmosfera havosini ifloslantirish, oqova suvlarni oqizish va chiqindilarni noqonuniy joylashtirish holatlari uchun korxonaga jami 2 milliard 42 million 192 ming soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlovlari hisoblandi. Shu bilan birga, 5 nafar masʼul mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hujjatlar chora koʻrish uchun Konimex tuman sudiga yuborildi.