Mazkur og'ir pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin tartib-qoidalari va unga amal qilish tartibi aholining salomatligini asrash maqsadida qat'iy nazoratga olingan. Tahlikali vaziyatda aholining dori-darmonga ehtiyoj va talabi yuqori bo'lgan ayni paytda, ba'zi bir dorilarning qora bozorlarda yuqori narxda qo'lma-qo'l sotilayotganlik holati ham uchrab turibdi.
1996 yil Navoiy viloyati Karmana tumanida tug'ilgan, millati o'zbek, ma'lumoti o'rta-maxsus, hozirda Karmana tumani “Kalovat” MFYda istiqomat qiluvchi, Navoiy shahridagi dorixonalarning birida farmatsevtika faoliyati bilan shug'ullanuvchi fuqaro K.N. bildirilgan ishonch va zimmasidagi mas'uliyatni suiiste'mol qildi.
U tanishi – 1997 yil Navoiy shahrida tug'ilgan, millati o'zbek, ma'lumoti o'rta-maxsus, ayni paytda Navoiy shahridagi “Guliston” massivida yashovchi fuqaro H.M. bilan jinoiy til biriktirib, mamlakatimizda e'lon qilingan “Covid-19” pandemiyasi davrida xaridorgir bo'lgan va hozirgi kunda dorixonadan tashqarida sotishi taqiqlangan dori vositalarini qora bozorda sotish bilan shug'ullangan.
Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari hamda Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tezkor bo'lim xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadbir davomida, qoidabuzarlar Navoiy shahri, “I.Karimov” ko'chasi yonida xaridorga 2 dona qutida 40 dona “ergoferon” hamda 2 dona qutida 40 dona “Rutan” dori vositalarini 500000 so'm pul evaziga sotayotgan vaqtda qo'lga olinib, tegishli ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Afsuski, bugungi keskin vaziyatda tibbiyot xodimlarining o'rni nechog'lik muhim ahamiyat kasb etayotganligi, ularning mashaqqatli mehnati sabab bemorlar shifo topayotganligi barchaga ayon.
SHuningdek, dorixonalarda kecha-kunduz aholiga beminnat xizmat qilayotgan farmatsevtika xodimlarining ham bunda mehnati e'tirofga loyiq bo'lgan ayni paytda, taassufki, o'z vazifasidan ko'ra mo'may daromad topishni maqsad qilgan qo'shtirnoq ichidagi “salomatlik himoyachilari”ning borligi achinarli hol.
Ta'magirlik, nafsni jilovlay bilmaslik oqibatida kelib chiqqan ushbu qoidabuzarlik holatiga endilikda qonun doirasida baho beriladi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati