Maʼlumki, soʻnggi yillarda jahon turizm industriyasining yangi yoʻnalishi sifatida geoturizm ommalashib bormoqda. Navoiy viloyati sanoatlashgan hududligi bois, unda geoturizm va sanoat turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish borasida Navoiy kon metallurgiya kombinati davlat korxonasi tasarrufidagi oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlardagi mavjud infratuzilma obyektlari oʻrganildi. Kelgusida Amantoytov va Dovgiztov konlarini sayyohlar tashrif buyuradigan turistik maskanga aylantirish rejalashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida, Amantoytov va Dovgiztov konlari markaziy Qizilqum choʻlining ruda maydoni mintaqasidagi konlar boʻlib, Navoiy shahridan 180 kilometr shimolda, Zarafshon shahridan 40 kilometr sharqda joylashgan. Ruda zaxirasi koʻlami, rudani qazib olish texnologik sharoitining qulayligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatining yuqoriligi va boshqa xususiyatlariga koʻra dunyodagi noyob konlar sirasiga kiradi. Mazkur oltin qazib olish konida, ishlab chiqarish jarayoniga xalal bermagan holda xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun eksklyuziv nou-xau va sanoat turizmining yangicha uslubdagi yoʻnalishini tashkil qilish maqsad qilingan. Xorijiy va mahalliy sayyohlarning xavfsizligi taʼminlangan holda oltin qazib olish konida togʻ jinslarini portlatish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini uzoq masofadan, panorama oynali maydonchalarda turib kuzatish, shuningdek, mazkur hududda ular uchun yengil konstruksiyali dam olish maskanlari hamda qoʻshimcha xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.