Jamoatchilik asosida tuzilgan Kengash, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat yuritayotgan ayollar tarkibidan iborat. Kengashga jamoatchilik vakillari ham jalb etilgan. Huquqshunos ayollarning dastlabki uchrashuvi viloyat adliya boshqarmasida oʻtkazilib, unda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish hamda saylov qonunchiligi targʻibotiga oid masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumotlarga qaraganda, pandemiya davrida butun dunyoda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik ishlatish, oilaviy nizolar va nikohni bekor qilish holatlari oshib boryapti ekan.

— Bu vaziyat Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtgani yoʻq , — deydi Navoiy viloyat sudi sudyasi Gulnafis Xudoyberdiyeva. — Xususan, viloyatda oila nizolari bilan bogʻliq ishlardan nikohdan ajratish toifasi boʻyicha joriy yilning olti oylik yakuni boʻyicha 778ta fuqarolik ishlari koʻrib, mazmunan hal qilingan.

Tadbir davomida, oilaviy ajrimlar bilan bogʻliq mavjud holat inobatga olinib tajriba sifatida Navoiy shahridagi 31 ta MFYga huquqshunos ayollarni biriktirish va mahallalardagi ijtimoiy ahvoli ogʻir, huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan yakka suhbatlar tashkil etish orqali ularga huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shundan soʻng, saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar va saylov jarayonlarini belgilangan tartibda tashkil etish, aholi oʻrtasida saylov targʻibotini samarali amalga oshirish mexanizmlari haqida soʻz yuritildi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.