Navoiyda milliy taomlar festivali boʻlib oʻtdi

    Festivalda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan oshpaz hamda pazandalar oʻzlarining mahoratlarini namoyish etdi.

    Navoiy viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi va Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi hamkorligida ilk bor ˇNavoi national food fest» milliy taomlar festivali oʻtkazildi.

    Navoiy shahridagi gastronomik koʻchada boʻlib oʻtgan festivalda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan oshpaz hamda pazandalar oʻzlarining mahoratlarini namoyish etdi.

    Har bir hudud tomonidan tashkil etilgan pavilyonlarda folklor jamoalari tomonidan urf-odatlarimiz, oʻlan va milliy qoʻshiqlarimiz tarannum qilindi. Hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi esa barchada katta taassurot qoldirdi.

    Maxsus ajratilgan maydonda tuman va shaharlardan kelgan mahoratli oshpazlar oʻz hududlariga xos hamda mos boʻlgan taomlarni tayyorladi. Taomlarning taʼmi, koʻrinishi va bezatilishi xalqaro toifadagi hakamlar tomonidan baholandi.

    Hakamlarning yakuniy qaroriga koʻra, 3-oʻrin “Ovchi goʻshti” taomi bilan karmanalik Sanʼat Roʻziyev, 2-oʻrin “Sharq lazzati” taomi bilan oshpazi Farhod Beknayev va 1-oʻrin “Assorti goʻsht” taomini tayyorlagan Akrom Toshpoʻlatovga nasib etdi

    Gʻolib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.