Navoiy shahar IIB tezkor-qidiruv xizmati va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda 2000-yilda tugʻilgan yigit 1,8 gramm gashish moddasini 600 ming soʻmga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu moddalarni u 1999 va 2000-yillarda tugʻilgan, Navoiy shahrida yashovchi shaxslardan olgani maʼlum boʻldi. Keyingi tezkor tadbirlarda mazkur shaxslardan 8 ta ampulada gashish moyi va 6 gramm gashish moddasi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, ular Telegram orqali faoliyat yuritgan boʻlib, giyohvandlik moddalarini mijoz bilan bevosita uchrashmagan holda tarqatish bilan shugʻullangan.

Jinoiy guruh aʼzolaridan biri 2026-yil 4-yanvarda maxsus bot orqali guruhga qoʻshilib, onlayn “darslar” orqali giyohvandlik moddalarini tayyorlash va qayta ishlashni oʻrgangan. Shundan soʻng u oʻz yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgan.

Tezkor tadbirlar davomida ular yashirin joylashtirgan manzillar aniqlanib, u yerlarda 2 ta ampulada gashish moyi topildi. Shuningdek, gumonlanuvchilarning uylarida oʻtkazilgan tekshiruvlarda 34 dona qadoqlangan gashish, jami 1 kg 477 gramm giyohvandlik moddalari hamda ularni tayyorlash va qadoqlash uchun moʻljallangan jihozlar musodara qilindi.

Aniqlanishicha, jinoiy guruh shu kunga qadar 1000 dan ortiq manzilga giyohvandlik moddalarini joylashtirgan. Shuningdek, ular qiymati 1 mlrd 220 mln soʻmga teng boʻlgan 2,5 kg gashishni tarqatishni rejalashtirgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoiy guruhning boshqa aʼzolarini aniqlash ishlari davom ettirilmoqda.