Navoiyda pora olgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum qilindi

    Unga 2-yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Navoiyda fuqarodan pora olgan IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi.

    Sud hukmida keltirilishicha, 1988-yilda tugʻilgan X.M. 2011-yildan IIV tizimida, 2023-yil 11-fevraldan Navoiy viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmasi katta tezkor vakili lavozimida ishlab kelgan.

    Karmanada yashovchi fuqaro plastik kartasidagi 62 mln soʻm pulini oʻgʻirlatgan. U ichki ishlar organiga murojaat qilganida, X.M. garchi bunday holatlarni fosh etish bevosita xizmat vazifasiga kirsada, pulni kim yechib olganini aniqlab berish evaziga 600 dollar soʻragan.
    2024-yil 11-iyun kuni X.M. jabrlanuvchidan soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

    X.M. sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan hamda sodir etgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymon ekanini aytib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻragan.

    Sud hukmi bilan X.M. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2-yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.