Navoiyda “Sahro baxshilari” musiqiy festivali oʻtkazildi

    Festivalda xalq dostonlaridan namunalar, badihagoʻylik yoʻlida termalar, aytishuvlar ijro etildi.

    Xalqimiz azaldan milliy qadriyat, urf odatlarni asrab-avaylab, davom ettirib kelmoqda. Xususan, ulanu,laparlar, qadimiy dostonlar necha asrlardan buyon saqallanib, avloddan avlodga oʻtib kelmoqda. Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida oʻtkazilgan “Sahro baxshilari” musiqiy festivalida ham ana shu shukuhni kuzatish mumkin.

    Tumanning Oltinsoy mahallasi hududida joylashgan Amirqul Poʻlkan shoir bogʻida boʻlib oʻtgan ushbu festivalda respublikamizda faoliyat olib borayotgan baxshilar jumladan, Surxondaryo viloyati, Termiz shahridagi baxshilik maktabi ijodiy jamoasi, taniqli xalq baxshilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

    Xalqimizning yuksak badiiy ijodiyoti asosida yaratilgan nomoddiy madaniy meros durdonalarini asrab-avaylash, xalq ogʻzaki ijodining qadimiy anʼanalarini tiklash va milliy qadriyatlarni izchil rivojlantirish, ijodiy uyushmalar hamkorligida baxshi va dostonchilar ijodining eng yaxshi namunalarini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan festival yigʻilganlarga yuqori kayfiyat bagʻishladi. Xalq dostonlaridan namunalar, badihagoʻylik yoʻlida termalar, aytishuvlar ijro etildi. Ayniqsa, yosh baxshilarning chiqishlari yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Festival yakunida barcha ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi.