Navoiyda tadbirkorlardan olib kelingan ortiqcha mablag' qaytariladigan bo'ldi

    Yurtimizda issiqxonachilik faoliyati bilan shug'ullanayotgan tadbirkorlar soni ko'payib bormoqda. Issiqxonalarda etishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari nafaqat ichki bozorlarga etkazib beriladi, shuningdek, chet davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

    Biroq bu issiqxonalar uchun zarur bo'lgan issiqlik energiyasini etkazib berishda tadbirkorlar manfaati buzilayotgani yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasiga ko'plab murojaatlar kelib tushmoqda.

    Jumladan, Navoiy viloyatida 150 gektardan ortiq er maydoniga issiqxonalar qurilgan bo'lib, u erda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga “Navoiy IeS” AJ tomonidan ishlab chiqilgan 1 Gkal issiqlik energiyasi belgilangan narxlarda, ya'ni 166,1 ming so'mdan emas, balki o'rtacha 227,5 ming so'mdan yoki 37 foizga qimmat narxda etkazib berilgani natijasida 70 nafardan ziyod tadbirkordan qariyb 8 milliard so'mlik ortiqcha mablag' olib kelingan.

    Mazkur masala bo'yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi tomonidan tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini tiklash bo'yicha ko'rilgan choralar natijasida asossiz undirilgan mablag'larni tadbirkorlarga qaytarish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

    Qo'mitaning bu haqdagi qarorlari Navoiy tumanlararo ma'muriy sudi tomonidan qanoatlantirildi. endi sud qarori ishonchli ijro qilinsa tadbirkorlarga ortiqcha to'lagan mablag'i qaytarib beriladi.