Navoiyda Turizm ko‘chasi tashkil etiladi

    Turizm 10 Yanvar 2022 2685

    Navoiy viloyatining Navoiy shahridagi markaziy ko‘chalardan birida “Turizm ko‘chasi” tashkil etiladi.

    Turizm ko‘chasi shaharning I.Karimov, A.Temur va Meʼmorlar ko‘chalari kesishmasida 1,5 km masofada barpo etilib, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bo‘ylab o‘tishi rejalashtirilgan.

    Ko‘chaning kirish qismi Turizm ko‘chasini aks ettiruvchi stella va yo‘laklar bo‘ylab yangi granit toshlari bilan bezatiladi. Bundan tashqari, piyoda va velosiped yo‘laklari tashkil etilishi, yangi o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatiladi hamda ikki selfi zonasi qurilishi belgilangan.

    Hududda kichik arxitektura shakllari (MAF) o‘rnatilib, sanitariya gigiyena punkti va turistik axborot markazi, rangli musiqali favvoralar, mahalliy aholi va sayyohlar uchun mehmonxona, ovqatlanish joylari barpo etilishi, 7 ta meʼmoriy yechimi bir-biriga o‘xshamaydigan zamonaviy salqin ichimliklar savdo nuqtasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

    Shuningdek, Turizm ko‘chasi to‘liq Wi-Fi bilan taʼminlanadi. Barcha yoshdagi mehmonlar hamda sayyohlar uchun kitob mutolaa qilish va xordiq chiqarish uchun maxsus joylar tashkil etiladi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tegishli miqdorda mablag‘lar ajratilgan. Uning ijrosi doirasida buyurtmachi etib Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK belgilangan. “MUQQAYAS GROUP” MCHJ tomonidan loyihalashtirish ishlari bajarilib, uning umumiy qiymati 13 milliard 675 million so‘m etib belgilangan. Loyiha tender savdolariga qo‘yilib, “TAYANCH QURILISH SERVIS” MCHJ 11813,2 mln.so‘m narx taklif qilib, tender g‘olibi bo‘lgan.

    Bugungi kunda pudratchi tomonidan davom etayotgan ishlarga ajratilgan mablag‘lardan 15% moliyalashtirilgan.

    Turizm ko‘chasi loyihasini 2022 yilning 4-choragiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.