Ayniqsa, sportning yakkakurash turlari yoshlar orasida ommalashib bormoqda. Xususan, qo‘l jangi ham tez sur’atlarda rivojlanmoqda.
Bellashuvlarda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan yetakchi sportchilar ishtirok etdi. Bahslarda o‘zbekning mard o‘g‘lonlari ham munosib qatnashib, muxlislarni xushnud qildi. Xususan, Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimi, serjant Olimjon Normurodov o‘z vazn toifasida jahon chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.
Olimjon Normurodov O‘zbekiston kubogi va chempionatlari, bir necha xalqaro turnirlar g‘olibi, 2 karra jahon chempioni va 2 karra jahon kubogi egasi, qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasidir. Uning bu yutuqlari e’tirof etilib, 30 iyun — Yoshlar kuni arafasida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
— Qo‘l jangi murakkab sport turlaridan. Sababi, qo‘l va oyoq zarbalari, yiqitish va og‘ritish usullari ko‘p. Hozir bu sport turiga qiziqayotgan va shug‘ullanayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganim hayotimdagi eng katta yutuqlarimdan biri bo‘ldi. Turnir davomida to‘rtta raqib bilan jang qildim, va ular ham kuchli sportchilar edi. Bolalikdan maqsadim jahon chempioni bo‘lish edi, bunga erishish uchun bor kuchim bilan harakat qildim va g‘alaba qozondim. Qolaversa, o‘z Vatanimizda muxlislar ishonchini oqladik. Albatta, buning uchun ko‘p mehnat, kuchli jismoniy tayyorgarlik va murabbiylarning tavsiyalariga qat’iy amal qilish talab etiladi. Davlat mukofoti bilan taqdirlanganim ota-onam va ustozlarimning mehnati samarasi, — deydi Olimjon Normurodov.
Darhaqiqat, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti yangi O‘zbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan Olimjon Normurodov kabi iqtidorli yigitlarga beriladi.
— Bu yutuqlarim hali boshlanishi, oldinda ulkan orzularim bor. Avvalo, jonajon yurtimga xizmat qilish va sportda navbatdagi yutuqlarni qo‘lga kiritish oliy maqsadim, — deydi qahramonimiz.
Bugungi O‘zbekiston yoshlari shunday yutuqlarga qodir. Fikrimizning yana bir isboti joriy yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan navoiylik Dildora Rahmatovadir.
“Harakat — bu hayot”, deydi faylasuflardan biri. Mutaxassislar e’tiroficha, bolalikdan jismoniy faollikda o‘sib-ulg‘aygan qizlarda o‘ziga ishonch yuqori bo‘ladi. Dildora ham gimnastika bo‘yicha ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
Dildorani mashg‘ulotlardan keyin kutubxonada uchratdik. Sport bilan shug‘ullanib, kitob mutolaasini ham kanda qilmaydigan qahramonimiz ilmi, tafakkurini muntazam boyitib bormoqda.
Bir necha marta O‘zbekiston, ikki karra Osiyo chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibasi, XVIII Osiyo o‘yinlarining kumush medali sohibasi Dildora Rahmatova ayni vaqtda yosh yigit-qizlarga ham gimnastika sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
— Bu sport turini tanlashimning asosiy sabablaridan biri uning nafisligi va jozibadorligidir. Uning o‘ziga xos murakkab jihatlari bor va juda nozik harakatlarni ham talab etadi. Hozir oltmishdan ortiq yoshga murabbiylik qilyapman. Kutubxona esa sevimli maskanim va bo‘sh vaqtimni shu yerda o‘tkazaman. Badiiy kitoblar va Zulfiyaxonim she’rlarini sevib o‘qiyman, — deydi Dildora.
Ha, yurtimizda, xususan, Navoiyda Olimjon va Dildora kabi iqtidorli yigit-qizlar juda ko‘p. Ularning davlat mukofotiga loyiq topilgani esa kamolot ostonasidagi bunday yoshlarni porloq manzillarga boshlashi shubhasiz.
G‘olib ABDUSALOMOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri