Mazkur qutlugʻ ayyom munosabati bilan “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida ham bayram tadbirlari yuqori saviyada, puxta tashkiliy yondashuv asosida oʻtkazildi.

Bayram munosabati bilan korxonada “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, unga muvofiq joylarda bayram sayillari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Dastlab korxona boshqarmasi va Uran ishlab chiqarish zavodi ishchi-xodimlari ishtirokida tashkil etilgan bayram tadbiri jamoa aʼzolariga bahoriy kayfiyat va koʻtarinki ruh ulashdi. Ayyomni munosib kutib olish maqsadida korxona hududida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Erta tongdan tadbir maydoniga tashrif buyurgan mehmonlar va ishchi-xodimlar bahoriy ruhda bezatilgan maskanda Navroʻzning betakror tarovatini his etdilar. Boshqarma hamda Uran ishlab chiqarish zavodi hamkorligida tashkil etilgan bayram saylida milliy anʼanalarimizga xos tarzda doshqozonlarda sumalak tayyorlanib, kitob va gul yarmarkalari oʻtkazildi.

Shuningdek, arqon tortish, tosh koʻtarish, varrak uchirish kabi milliy xalq oʻyinlari, shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi. Tadbir yakunida gʻoliblar kasaba uyushmasi tomonidan tayyorlangan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Ushbu koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan Navroʻz bayrami korxona jamoasini yanada birlashtirib, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.

Zafarobodda keng qamrovli bayram sayli

Yangilanish, yasharish va ezgulik timsoli boʻlgan Navroʻz bayrami “Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy boʻlinmalaridan biri joylashgan Zafarobod qoʻrgʻonida ham katta bayram sayli sifatida nishonlandi.

Anʼanaga muvofiq, bu yil ham bayram tadbirlari korxonaning koʻp ming sonli jamoasi va mahalliy aholi ishtirokida ommaviy sayil koʻrinishida tashkil etildi. “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirlarda “Zafarobod” kon boshqarmasi 1-, 2-, 3-geotexnologik konlari, Uran geologiyasi markazi, Avtobaza hamda “NKMK Jamgʻarmasi” DMning hududiy boʻlinmasi faol ishtirok etdi.

Bayram doirasida milliy hunarmandchilik va pazandachilik koʻrgazmalari, yarmarkalar, gala-konsertlar, dorbozlar chiqishlari va milliy sport oʻyinlari tashkil etildi. Shu bilan birga, korxona boʻlinmalari oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazilib, eng faol va tashabbuskor jamoalar ragʻbatlantirildi.

Bayram maydoni milliy naqshlar, gullar va soʻzanalar bilan bezatilib, haqiqiy Navroʻz muhiti yaratildi. Dasturxonlardan halisa, sumalak, koʻk somsa, shirmoy kulchalar kabi milliy taomlar oʻrin oldi.

Ayniqsa, milliy qadriyatlarimizni namoyon etuvchi kelinsalom, beshik soldi, betochar, lachak bogʻlash kabi marosimlar bayramga oʻziga xos mazmun bagʻishladi.

Bir vaqtning oʻzida turli hududlarda dorbozlar oʻyinlari, xalq oʻyinlari va konsert dasturlarining namoyish etilishi tadbirni haqiqiy umumxalq sayliga aylantirdi.

Tadbir doirasida keksalar duo qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yoshlar kelajagi uchun ezgu tilaklar bildirdilar.

Yakunda “Eng yaxshi bayram saylini tashkil etgan boʻlinma” tanlovi gʻoliblari aniqlanib, korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan diplomlar hamda Toshkent, Buxoro, Shahrisabz va Zomin shaharlariga sayohat sertifikatlari topshirildi.

Bayram tadbiri “Yoshlik” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari, folklor-etnografik ansambllar hamda estrada xonandasi Hulkar Abdullayevaning gala-konserti bilan yakunlandi.

Umumxalq hashari – obodonlik va hamjihatlik ifodasi

Joriy yilning 13–14-mart kunlari mamlakatimiz boʻylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Ushbu ezgu tashabbus Navroʻz bayrami va muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, hududlarni obodonlashtirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.

Mazkur xayrli tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar ham faol ishtirok etdilar. Xususan, korxona boshqarmasi, Uran ishlab chiqarish zavodi, “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ishchi-xodimlar tomonidan hududlarni yovvoyi oʻtlardan tozalash, manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini ekish, ularga agrotexnik ishlov berish, ariq va zovurlarni tozalash kabi ishlar amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish obyektlari va atrof hududlarning sanitar-ekologik holati sezilarli darajada yaxshilandi.

Jumladan, ushbu kunlarda korxona hududlariga 28 mingdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, yashil hududlar kengaytirildi.

Umumxalq hashari nafaqat obodonlik ishlarini amalga oshirish, balki jamoada oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

“Navoiyuran” DK PR xizmati