«Navoiyuran» DKning IFRS moliyaviy hisobotlariga «Katta to'rtlik» auditorlari ijobiy xulosa berdi

    Sanoat 30 Iyul 2024 141

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi «2022 – 2030 yillarda «Navoiyuran» davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-319-son Qaroriga muvofiq, korxonada keng ko'lamli transformatsiya jarayonlari boshlangan.

    Ma'lumot uchun:

    «Navoiyuran» DKda ESG tamoyillarini joriy etish maqsadida korxona faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish;

    korxonaning ishlab chiqarish, moliya, buxgalteriya, omborlar, kadrlar va boshqa jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida «SCADA Dashboard» ishlab chiqarish jarayonlarini tahlil qilish tizimi hamda resurslarni boshqarish tizimi – «ERP»ni joriy qilish;

    zamonaviy inson resurslarini boshqarish (HR) tizimini joriy etish;

    uran zaxiralarini Avstraliyaning JORC kodeksi talablariga muvofiq baholash;

    Moliyaviy hisobotlarni Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (IFRS) hamda ularni xalqaro audit tashkilotlaridan o'tkazish, xalqaro kredit reytingi olish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

    Mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida korxonaning 2022-2023 yillar uchun moliyaviy hisobotlari IFRS standartlarini «birinchi marta qo'llash» («First time adoption») talablari asosida tayyorlandi. Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari talabidan kelib chiqib, korxona balansidagi asosiy konlarning (17 ta) uran zaxiralari «SRK Consulting» xalqaro kompaniyasi tomonidan Avstraliyaning JORC kodeksi talablariga muvofiq baholandi hamda zaxiralar miqdori 70,7 ming tonna deb topildi. SHuningdek, uzoq muddatli aktivlarning haqqoniy bahosi («Fair Value») aniqlanib, 2023 yil yakuni bilan ularning qiymati qariyb 6 trln so'mni tashkil etdi. IFRS standartlariga muvofiq korxonaning 2023 yil uchun sof foydasi 2,9 trln so'mni tashkil etgani tasdiqlandi.

    «Navoiyuran» davlat korxonasi mutaxassislari tomonidan IFRS standartlari ishlab chiqilgan 2022-2023 yillar moliyaviy hisobotlari «Katta to'rtlik» safiga kiruvchi «Deloitte» auditorlik tashkiloti tomonidan auditdan o'tkazildi va hisobotlarga ijobiy xulosa berildi. «Katta to'rtlik» auditorlik tashkilotlarining bunday xulosasi korxonaning buxgalteriya, hisob-kitob, moliya tizimi to'g'ri yo'lga qo'yilgani, tayyorlangan moliyaviy hisobotlar haqiqatga mosligi va ular asosida korxona investitsiya loyihalariga davlat kafolatisiz mablag' jalb qilishi mumkinligini anglatadi. Korxonaning Loyiha ofisi ma'lumotlariga ko'ra, moliya yo'nalishidagi transformatsiya jarayonlarining keyingi bosqichi bu «Fitch Ratings» agentligidan kredit reytingini qo'lga kiritish hisoblanadi.

    Prezident qaroriga muvofiq, «Navoiyuran» DKga xalqaro reyting agentliklaridan biridan kredit reytingini qo'lga kiritish joriy yilning oktyabr` oyi etib belgilangan.

    «Navoiyuran» DK Axborot xizmati



    Reklama