«Navoiyuran»da kasb bayrami koʻtarinki ruhda nishonlandi

    Joriy yilning 22-may kuni Zafarobod qoʻrgʻonidagi “Yoshlik” madaniyat markazida Oʻzbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

    Unda “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida fidokorona mehnat qilib kelayotgan jamoa mehnatkashlari, faxriylar, xalqaro hamkorlar hamda soha fidoyilari ishtirok etishdi.

    Tadbirda korxonadagi koʻp yillik fidokorona mehnati, jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qoʻshgan munosib hissasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan 9 nafar soha ilgʻorlari II va III darajali “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni, 16 nafari Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlanishdi.

    Shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasi maʼmuriyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasining qoʻshma qaroriga asosan, korxonadagi koʻp yillik fidokorona mehnati, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda sana munosabati bilan 5 nafar xodimga “Navoiyuran faxriysi” unvoni hamda 14 nafariga korxonaning “Faxriy yorligʻi” topshirildi. Bayram shodiyonalari Zafarobod qoʻrgʻonidagi oʻyingohda tantanali konsert dasturiga ulanib ketdi.

    Tadbirda “Navoiyuran” DK “Zafarobod” kon boshqarmasi ishchi-xodimlari va ularning oila aʼzolari, Zafarobod qoʻrgʻoni aholisi va keng jamoatchilik vakillari hamda xalqaro hamkorlar ishtirok etishdi. Tantanali tadbirda kasb bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning “Navoiyuran” davlat korxonasi mehnat jamoasiga yoʻllagan tabrigi oʻqib eshittirildi.

    Tabrikda “Mamlakatimizda strategik islohotlarning yangi bosqichi boshlangan bugungi kunda butun xalqimiz, jumladan, «Navoiyuran” davlat korxonasi jamoasi oldida ham gʻoyat muhim vazifalar turibdi. Xususan, 2030-yilga qadar korxonada 550 million dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirish orqali uran zaxiralarini 100 ming tonnaga yetkazish, ishlab chiqarishni 3 barobarga oshirish koʻzda tutilgan.

    Mamlakatimiz hayotida muhim oʻrin tutuvchi ushbu korxonaga davlatimiz rahbari yuksak ishonch bildirgani, albatta, Sizlarga yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Aytish mumkinki, bu milliy uran sanoati tarixida ulkan voqelikdir.

    Ushbu korxonaning yuksak professional, malakali, ahil va isteʼdodli jamoasi hamda boy tajriba va mahoratga ega mutaxassislari ana shunday keng miqyosli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishiga ishonaman» deya korxona mehnat jamoasining yutuqlari eʼtirof etildi.

    Oʻz navbatida Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari, “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev tizimda mehnat qilayotgan konchi va metallurglarni – barcha soha xodimlarini bayram bilan tabriklab, ularga samimiy hamda ezgu tilaklarini tiladi.

    «Mamlakatimizning sanoati va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish va aholi farovonligini taʼminlashda muhim vosita boʻlib xizmat qilmoqda. Jonajon korxonamiz “Navoiyuran” ham ana shu tarixning yorqin ifodasidir.

    Konchilik va metallurgiya sanoati mamlakatimiz uchun muhim, strategik ahamiyatga ega tarmoqlardan biri boʻlib, ayniqsa, mustaqillik yillarida ularning haqiqiy mehnat jasorati hayotimizda toʻla oʻz ifodasini topdi.

    Sizlar har yili davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan rejalarni sharaf bilan uddalab, kasb bayramlarimizni ulkan iqtisodiy yutuqlar bilan qarshi olmoqdasizlar, dedi Bosh direktor oʻz tabrigida.

    Bayram tantanasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ xodimlari Kasaba uyushmasi kengashi raisi I.Rahmatov va Konimex tumani hokimi R.Roʻziyevlar ham ishtirok etib, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlashda munosib hissa qoʻshib kelayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.

    Zafarobodliklarga, konchi va metallurglarga hamda ularning oila aʼzolariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida “Nihol” davlat mukofoti sovrindori, xonanda Bunyodbek Saidov oʻzining konsert dasturini namoyish etdi.

    Bayram konserti rang-barang mushakbozlik bilan yakunlandi.

    “Navoiyuran” DK axborot xizmati