Butunjahon yoshlar konferentsiyasi xalqaro siyosatchilar nigohida

Butunjahon konferentsiyasi yuqori darajada, ochiq va amaliy munozaralar ruhida o'tdi. Dastavval O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva so'zga chiqib, xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatini BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi YU YU o'qib eshittirdi.

Ushbu murojaatda e'tirof etilishicha, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining joriy yil boshidagi 46-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tomonidan ta'kidlangan yoshlar huquqlarini ta'minlash ishiga sodiqligi va bu boradagi tolmas sa'y-harakatlari uchun BMT O'zbekiston hukumatining ezgu intilishlarini qo'llab-quvvatlaydi.

Bosh kotibning murojaatida ta'kidlanganidek, “YOshlar–2030” strategiyasi BMT tarixida dastlabki yalpi tizimli strategiya bo'lib, yoshlar bilan ishlash va ularning manfaatlarini ta'minlash borasidagi faoliyatni yanada mustahkamlash bo'yicha zimmamizga katta majburiyat yuklaydi. SHu ma'noda, “O'zbekiston mazkur strategiyani shiddatli sur'atlarda amalga oshirayotgan dunyoning 10 ta mamlakatidan biri ekanini e'tirof etishga ijozat bergaysiz”, deb alohida qayd etdi BMT vakili.

BMT O'zbekistonda qisqa vaqt ichida O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi, YOshlar parlamenti, BMTning YOshlar maslahat kengashi tashkil etilgani; 2021 yil — “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya ratifikatsiya qilingani, yoshlarning hayotiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini ta'minlash hamda ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ko'plab strategiya, dastur va moliyaviy vositalar ishlab chiqilgani va amalda tatbiq etilayotganini olqishladi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Michel` Bachelet o'zining videomurojaatida “Butunjahon konferentsiyasi mintaqaning navqiron yoshdagi barcha insonlariga barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning o'rni va ahamiyatini oshirish yo'llarini izlash hamda bu borada o'zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi”, deb qayd etdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi samaradorlikni susaytirayotgan koronavirus pandemiyasi va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq tahdidlardan qat'i nazar, jahon hamjamiyati navqiron insonlarni hayotimiz faoliyatining barcha sohalariga jalb etishni kuchaytirish borasida izchil ish olib borishi zarur.

M.Bachelet ta'biri bilan aytganda, COVID–19 pandemiyasi yosh avlod hayotini juda murakkablashtirib yubordi. Xususan, dunyo miqyosida talabalarning bilim olish tizimini izdan chiqardi. Buning oqibatida ta'lim sohasida shusiz ham mavjud bo'lgan tengsizlik yanada qaltis tus olmoqda va ushbu tizim global inqiroz bilan bog'liq muammolarga duch kelmoqda. Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatidagi majburiyatlarini qunt bilan bajarayotganini maqbulladi. Xususan, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya ratifikatsiya qilingani bilan tabriklar ekan, mamlakatimizning inson huquqlarini ta'minlash ishiga sodiqligini e'tirof etdi.

BMT Bosh kotibining YOshlar ishlari bo'yicha elchisi Jayatma Vikramanayake o'z videomurojaatida “O'zbekiston hukumatining yoshlar bilan eng oliy darajada doimiy muloqotga bo'lgan astoydil intilishi va navqiron insonlarni hayotiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etish borasida erishgan yutuqlari yuksak baholashga munosibdir”, deb ta'kidladi.

J.Vikramanayake qayd etganidek, O'zbekiston shiddatli sur'atda rivojlanish uchun zarur bo'lgan ulkan salohiyatga ega mamlakatdir. O'zining ro'yobga chiqishini kutayotgan ana shu beqiyos salohiyat va azmu shijoat, avvalo, mamlakat aholisining yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar — jamiyatning hal qiluvchi kuchga ega a'zolari timsolida namoyon bo'lmoqda.

SHu nuqtai nazardan, Bosh kotibning YOshlar ishlari bo'yicha elchisi jamiyatning zaif guruhlariga mansub yoki ehtiyojmand navqiron xotin-qizlar va yoshlarga alohida e'tibor qaratishga chaqirdi. Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin CHungong O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lidagi sa'y-harakatlarini olqishladi. Uning fikricha, “O'zbekiston Prezidenti va milliy parlament rahbariyati Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ulkan ko'lamdagi ishlarni amalga oshirmoqda”.

Demokratik islohotlarni joriy etishda yoshlar muhim o'rin tutishiga e'tibor qaratar ekan, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi “Bugun biz bu borada butun dunyoda, ayniqsa, O'zbekistonda beqiyos ijobiy o'zgarishlar yuz berayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz”, deb ta'kidladi. Bundan tashqari, janob M.CHungong Parlamentlararo Ittifoqning “Biz parlamentda yoshlarni qo'llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusi doirasidagi kampaniya boshlanganini e'lon qildi.

EXHT Bosh kotibi, elchi Xelga Mariya SHmitd BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida Prezident SHavkat Mirziyoev yoshlar huquqlarini ta'minlash borasida ilgari surgan xalqaro va milliy darajadagi bir qator dolzarb tashabbuslarning ahamiyatiga yuqori baho berdi. elchi X.M.SHmitd mamlakatimizda yoshlar huquqlarini rag'batlantirish bo'yicha ko'plab muhim tashabbuslar amalga oshirilayotganini olqishladi va “yosh avlodni qo'llab-quvvatlash O'zbekistonning ham, EXHTning ham umumiy maqsadi hisoblanadi”, deb alohida ta'kidladi.

Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizoning so'zlariga qaraganda, O'zbekiston oliy rahbariyati va parlamentining yoshlarga munosabati va ularning huquqini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlari haqiqatan ham yuksak bahoga loyiq. Muhammad Rizo yoshlar ko'p jihatdan hali foydalanilmagan ulkan zaxira bo'lib, global muammolarni hal etish yo'lidagi sa'y-harakatlarga munosib hissa qo'shishga qodirligi xususida to'xtaldi.

SHunday ekan, navqiron avlodning jismoniy va ma'naviy kamol topishiga jiddiy ahamiyat berish hamda aholining ushbu shijoatli qatlamini, ayniqsa, yoshlar ko'pchilikni tashkil etadigan mamlakatlarda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etish lozim.

Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi o'z nutqida Osiyo taraqqiyot bankining hisobotidan ayrim ma'lumotlarni keltirdi. Bu ma'lumotlarga ko'ra, dunyo yoshlarining yarmidan ko'pi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yashaydi. Ana shu yoshlarga mintaqa uchun bebaho boylik va barqaror rivojlanish yo'lida ulkan marralarni zabt etishning ulkan omili sifatida qaralmoqda.

EXHTning Parlament Assambleyasi Prezidenti Margareta Sederfel`t Xalqaro yoshlar kunida ish boshlagan Butunjahon konferentsiyasining diqqatga sazovor dasturini tayyorlagani uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorlik izhor qildi. SHuningdek, M.Sederfel`t O'zbekiston yoshlarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida izchil ish olib borayotganini alohida e'tirof etdi.

M.Sederfel`t yoshlar ko'plab global da'vatlarga munosib javob qaytara olishini qayd etdi. SHu ma'noda, uning fikricha, “Navqiron avlod ongu shuuridagi intilishlarni ro'yobga chiqarish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishimiz juda muhim”.

MDH Ijrochi kotibi — Ijroiya qo'mitasi raisi Sergey Lebedev o'zining videomurojaatida O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi samarali faoliyati va yoshlarga oid xalqaro tashabbuslariga yuqori baho berdi, shuningdek, MDH mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro yoshlar hamkorligi strategiyasi haqida so'z yuritdi. Binobarin, BMTning “YOshlar-2030” strategiyasi negizida ishlab chiqilgan ushbu strategiya zamirida MDH makonidagi mamlakatlarning samarali tarzda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ilmiy-texnik ravnaq topishini ta'minlashda yoshlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik muhim omil ekaniga doir ilg'or g'oya mujassamdir.

Xalqaro mehnat tashkilotining SHarqiy Evropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy direktori Ol`ga Kulaeva COVID–19 pandemiyasi sharoitiga qaramay, O'zbekiston tomoni yoshlarga doir muammolar bo'yicha shunday muhim muloqotni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. O.Kulaeva O'zbekistonda bolalar mehnati va qishloq xo'jaligi sohasida majburiy mehnatga barham berish borasida sezilarli natijalar qo'lga kiritilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bunda mamlakat hukumati va uch tomonlama ishtirokchilar ayni muammolarni Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy vositalarini qabul qilish orqali hal etishga shayligini qat'iyat bilan namoyon etgani, shu asosda milliy qonunchilik xalqaro mehnat standartlariga uyg'unlashtirilgani hamda bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi chora-tadbirlar yanada kuchaytirilgani muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

Toshkent YOshlar deklaratsiyasi: mazmun va mohiyat

“Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusidagi yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi yakunida Toshkent YOshlar deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiya xalqaro anjuman ishtirokchilari tomonidan: birinchidan, pandemiya va undan keyingi davrda yoshlar oldida turgan asosiy muammolarni keng muhokama qilish; ikkinchidan, yoshlar o'z huquqlarini to'la amalga oshirishlariga to'sqinlik qilayotgan muammolarni atroflicha o'rganish negizida; uchinchidan, barcha yoshlarning inson huquqlarini himoya qilish, targ'ib etish va amalga oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan holda ishlab chiqilganini alohida ta'kidlash lozim.

Toshkent YOshlar deklaratsiyasi muqaddima, 5 ta qism va xotimadan iborat.

Deklaratsiyaning “Pandemiya va yoshlar” qismida jahon koronavirus inqirozi bilan bog'liq misli ko'rilmagan global favqulodda holatning guvohi bo'lib turgan murakkab sharoitda pandemiya yoshlarning hayotini o'zgartirgani, ularni salomatlik, munosib ish va mashg'ulot, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, shuningdek, ijtimoiy alohida bo'lish va yakkalanishga taalluqli yangi qiyinchiliklarga moslashishga majbur qilgani qayd etilgan.

SHu munosabat bilan, deklaratsiyada ta'kidlanganidek, “Biz yoshlarni vaktsinatsiyalash va davolash, zaif ijtimoiy qatlamlar, jumladan, yosh migrantlar, qochoqlar, ishsizlar, uysizlar, mahbuslarga alohida e'tibor qaratish bilan bog'liq muammolarni hal etish uchun etarlicha mablag' ajratilishiga chaqiramiz”.

“YOshlar — Barqaror rivojlanish maqsadlarining “drayver”i” nomli ikkinchi qismda islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi bo'lgan yoshlarga o'z shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish hamda kelajak avlodlarga munosib dunyoni barpo etish vazifalari ishonib topshirilganini hisobga olgan holda, 5 ta amaliy taklif ilgari surilgan:

birinchi taklif — Barqaror rivojlanish maqsadlarining yoshlar elchilari lavozimini joriy etish;

ikkinchi taklif — barcha mamlakatlarda YOshlar parlamentlarini ta'sis etish;

uchinchi taklif — Butunjahon yoshlar parlamentlari assotsiatsiyasini tashkil etish;

to'rtinchi taklif — barcha davlatlarda milliy yoshlar strategiyalarini qabul qilish;

beshinchi taklif — davlat organlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar qoshida yoshlar kengashlarini tuzishdan iborat.

Deklaratsiyaning uchinchi qismi “YOshlarning ta'lim va sog'liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati” deb nomlangan. Bu qismda asosan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining amalga oshirilishi bo'yicha Milliy (kengash) komissiyalar tuzish, Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha milliy dasturlar (Harakatlar dasturi) qabul qilishning dolzarbligi ta'kidlangan.

Bugungi kunda yoshlarning ishonchli, xavfsiz, ular uchun qulay, inson huquqlari bo'yicha ta'lim va axborotkommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi imkoniyatini ta'minlash nihoyatda zarur. SHu bois, ayni maqsadga erishish uchun Toshkent YOshlar deklaratsiyasida Inson huquqlari bo'yicha axborot-kutubxona markazlari, ya'ni “Inson huquqlari uyi” tashkil etish ko'zda tutilmoqda.

“YOshlar va bandlik” nomli keyingi qismda butun dunyoda yoshlarning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish, ayniqsa, pandemiya sharoitida ish bilan ta'minlanish masalasida cheklanganini tan olgan holda, yoshlarni ish bilan ta'minlash bo'yicha Milliy harakatlar rejalarini qabul qilish masalasi kun tartibiga qo'yilmoqda.

Bundan tashqari, Hukumatlar yoshlarda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko'nikmasini rivojlantirish sohasida milliy strategiyalarni ishlab chiqish va raqamli iqtisodiyotda innovatsiya, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va ish o'rinlari yaratish bo'yicha qulay sharoitlar yaratishga chaqirilmoqda. Nihoyat, Toshkent YOshlar deklaratsiyasining “YOshlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari” nomli oxirgi qismida, avvalo, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga kiritiladigan 2 ta muhim taklif ham qo'llab-quvvatlangan.

Bulardan biri — “Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlari” rezolyutsiyasini ishlab chiqish, ikkinchisi — Inson huquqlari bo'yicha kengashning YOshlar huquqlari masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi lavozimini joriy etishdir.

SHu bilan birga, deklaratsiyada O'zbekistonning 3 ta xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik tashabbusi qo'llab-quvvatlanmoqda:

YOshlar huquqlari bo'yicha konventsiyani qabul qilish;

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari YOshlar kengashini tashkil etish;

Markaziy Osiyo yoshlari forumini o'tkazish tashabbuslari haqida so'z bormoqda.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz, mintaqamiz, hatto butun sayyoramiz yoshlarini global harakatlarga jalb qilish yo'lida O'zbekiston tomonidan yana bir dadil qadam qo'yildi. Bu boradagi sa'y-harakatlarni izchil va uzluksiz davom ettirishda Toshkent YOshlar deklaratsiyasi huquqiy dasturulamal vazifasini o'tashi shubhasiz.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Bugungi kunda ko'pmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun,  O'zbekistonning yangi Uyg'onish davrini yaratish yo'lida belini mahkam bog'lab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo'lda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qo'shilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir”.