Muloqot davomida ikki viloyat oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” koʻrib chiqildi.

Shavkatjon Abdurazzaqov qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, sanoat va tekstil sohalaridagi hamkorlikka alohida urgʻu berdi. Joriy yil mart oyida, Navroʻz bayrami kunlari Namanganda ikki viloyat tadbirkorlarining biznes-forumini oʻtkazishni taklif qildi. Ushbu taklif vakolatli vakil tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Oʻz navbatida, Abdusattor Sirgabayev “Namangan — Jalolobod” yoʻnalishida transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, koʻmir ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona ochish, viloyatning Safed-Bulon, Sarichelak, Arslonbob kabi turistik manzillariga namanganlik sayyohlarni jalb etish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.

Ikki viloyat rahbarlari Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi arafasida oʻzaro aloqalarning barcha jihatlarini yana bir bor koʻrib chiqish boʻyicha kelishib oldi.