Shu bois, mahkum va ularning yaqinlari Navroʻzni katta orzu bilan kutishdi. Nihoyat ular kutgan kun kelib, orzular ushaldi. Prezident afv etganlar oilasida bayram ortidan bayram, quvonch yoshlariga toʻldi.

Davlatimiz rahbarining “Navroʻz” umumxalq bayrami arafasida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi. Bu esa azaliy bayram ruhi, xalqimiz tabiatidagi ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimlilik fazilatlariga hamohang ekanligining yorqin ifodasi boʻldi.

Mazkur hujjatga muvofiq, jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 140 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 4 nafari asosiy jazodan toʻliq, 69 nafari esa jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Yana 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 59 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlar orasida 12 nafari chet el fuqarosi, 9 nafari 60 yoshdan oshgan shaxs, 13 nafari ayol hamda 14 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxs hisoblanadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi. Shu bois, endi afv etilgan insonlar sharqona yangi yilni ezgu niyat bilan boshlaydi. Bilib-bilmay qoʻl urgan qilmishlarini takrorlamasligida esa poklanish, yangilanish ayyomidan kuch olib ezgu amallarga bel bogʻlashadi.

Sanjar IBADOV,

jinoyat ishlari boʻyicha

Toshkent shahar Yakkasaroy

tuman sudi sudyasi