Yana keldingmi, bahorim, guloblar sepib, borliqqa ajib ifor taratib, osmoningda quyosh yuzin yashirar, yomgʻirlar yogʻadi dilga xush yoqib... Atrofga taralar nasimlar isi, dalalarda maysa una boshlaydi, boychechak uyqudan turgan mahali oftob uni erkalab nurin sochadi. Navroʻzim, men seni sogʻinganim rost. Xushboʻy nafaslaring koʻnglim ochadi, yurakda gʻuborlar zahrini yuvib, eng goʻzal manzara boʻy koʻrsatadi.
Sen shunday goʻzalsan, bayramlar fasli. Bagʻringda nish urar koʻklam nafasi, tegrangda charx urib aylanar bugun, bahorning erkatoy qaldirgʻoch qushi. Osmonlari shaffof, suvlari zilol, bogʻlarida jannat gullari bisyor, oy ham egiladi misoli hilol, qaragan odamning uchadi hushi.
Gulu rayhonlarning muattar hidi borliqqa mushk anbar boʻlib taralar, yosh qizlar sochiga taqqan gulchambar, keksa momolarga juda ham yoqar. Navroʻzi olamda pishgan sumalak, taʼmini totgani kelar xorijlik, deydi, qani bir marta boʻlsa ham mening yurtimda, doshqozonda pishsa sumalak.
Navroʻzi olam — buyuk bir bayram, eʼtiqod nuridan dillar shod boʻlar, muruvvat qilganda saxiy insonlar, koʻngli yarimlarning qalbi yorishar. Urugʻ qadamoqqa shoshgan dehqonim, hosiling moʻl boʻlsin, rizqimiz butun, peshona tering-la qilgan mehnating rohatini koʻrsin elu ulusing.
Sen shunday koʻrkamsan, koʻklamoy faslim, har bir goʻzal kuning yurakka tatir. Ham koʻngilga mador, ham tanga quvvat, yurakni titratgan erkatoy faslim, ne-ne dillarga oʻt yoqqan, sehru sinoatga burkangan faslim.
Onam seni sevib kutguvchi edi, rayhoningni koʻzga surtguvchi edi, ming bir duoyu tashbehlar ila hatto nafaslaring quchguvchi edi. Bugun oʻsha kalom mening tilimda, onam oʻgitlari yashar dilimda, bahorim boringdan aylanay sening, xushboʻy iforlaring jonimda mening.
Ezgʻin xayollarni tark etsin koʻngil, kela qol bahorim, suluv Navroʻzgul!
Yomgʻir tomchilari yuvar yuzimni, qulogʻimga chalinar maʼyus bir navo, onamning allasi boʻlib taralar, koʻngillardan gʻamni aritgan sado. Xush nasimlar esar, charaqlar quyosh, ufq mamnun koʻtarar yerdan boshini. Tabiat borliqqa sepini yoyib, koʻz-koʻz qilar husnu jamolini.
Biz sezmay qolibmiz, bahor kelibdi, qadamida gulu rayhonlar bilan. Ariqlarda oqar zilol suvlaru, koʻm-koʻk maysalari, chechagi bilan. Havolar xushnafas, tonglar munavvar, shabnamda chayilar yer zahalari, azizim zamondosh, olamga bir boq, dilingni yayratar xush navolari.
Aziz asrdoshim, qaddingni tik tut. Koʻnglingdan chiqargin gʻuborlaringni, atrofga bir qara, nafas ol toʻyib, qishga berib yubor arazlaringni. Oppoq qorlar kabi erisin singib, yurakning dogʻlari, qalb yaralari. Azoblar, armonlar, qaygʻu va gʻamlar sizlardan ketsinlar, nariroq, nari.
Qadrdonim, buncha xomushsan. Nelar oʻrtamoqda yurakkinangni, nechun horgʻin xayolga choʻmding, bahorga ayta qol istaklaringni. Bahor iforlari boshing silaydi, sochingni oʻynaydi mayin sabolar. Yomgʻir shivalaydi koʻz yoshing boʻlib, buni koʻrib oʻksik koʻngling yuksalar. Faqat sen oʻksima, yigʻlama sira, tashvishlaringdan ham bir oz burgil yuz, koʻzlaringni yum-u, samoga qara, oʻzingni tutib ber shabbodalarga.
Tilaklar tilaydi ona tabiat, kuch ham bagʻishlaydi bilaklaringga. Chuchmomalar poyingga poyondoz boʻlib, qulogʻingga bahor baytin shivirlar. Diling tugʻyonini anglar gulbahor va osmonga chizar qalbing aksini, soʻngra u tovlanar kamalak boʻlib, buni koʻrgan koʻzlar quvonar.
Bahor keldi, borliq gullarga toʻldi. Yashnadi tabiat, yastandi olam. Bahor iforidan sarxushlar boʻlib, hatto sheʼr yozmoqda mening nevaram. Bahorim, gulbahorim, mayli yashnayver, borliqqa ezgulik nurini sochgin. Kimniki koʻngli kam, murodi yetim, unga ham boringni qoʻshqoʻllab tutgin.
Xastaning koʻnglini darddan forigʻ qil, nochorga koʻrsatgin xayru saxovat, keksalarning ahvolidan hol soʻrashni, baʼzilar qulogʻiga sekingina ayt. Qilmasin bahona, koʻrsatmasin vaj, mayli, hech qilmasin sarfu xarajat, ammo uzoqdagi jigarlariga joʻnatsin bir enlik sogʻinch toʻla xat!
Fasllar erkasi, fasllar naqshi, zaminni koʻklarga burkagan faslim, qalblarni qitiqlab, dilda ajib hislar uygʻotgan faslim. Seni sogʻingandik, seni kutgandik, qadamingda gullar ochilsin endi, fusun va chiroying olam ahliga, koʻrkamlik, nafosat baxsh etsin endi.
Ezgʻin xayollarni tark etsin koʻngil, kelaqol, bahorim, suluv Navroʻzgul!
Gulichehra DURDIYEVA